Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy qism va bo‘linmalarida yurt himoyachilari hamda ularning oila a’zolari ishtirokida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiy oilasi” shiori ostidagi ko‘rik-tanlov ham jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarni mustahkamlash, ularda har jihatdan yetuk, barkamol hamda asl vatanparvar avlodlar voyaga yetishini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur tanlovning viloyat bosqichida yuqori natijani qo‘lga kiritgan harbiy oilalar Respublika bosqichida bellashish uchun DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligida jam bo‘ldi.
Dastlabki shart “Tanishtiruv” deb nomlanib, unda qatnashchilar o‘z oilalarini she’riy tarzda, kuy-qo‘shiq, raqslar hamda videolavhalar yordamida batafsil tanishtirishi talab etildi. Ushbu shartni o‘zaro ahillik va hamjihatlikda mahorat bilan uddalagan ishtirokchilar, tanlovning ikkinchi shartida kundalik hayotda uchrab turadigan turli illatlar, ijtimoiy tarmoqlarning oilaviy munosabatlarga salbiy ta’siri, “ommaviy madaniyat” xurujlari va spirtli ichimliklarni iste’mol qilishning noxush oqibatlarini sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etib berdi. Mazkur jarayonda oila a’zolarining iste’dodi, uyushqoqligi, ayniqsa, sahna ko‘rinishlarida farzandlarning ishonarli tarzda chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.
[gallery-23354]
Har bir oilaning tayyorgarlik darajasi, intilish va harakatlari hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholab borildi. Albatta, oilada keng dunyoqarash shakllangani, bilim, salohiyat va tafakkur yuqori darajada bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, tanlov ishtirokchilarining zukkoligi va salohiyatini sinovdan o‘tkazuvchi uchinchi shart “Bilimdonlar bahsi” deb nomlandi. Unda ishtirokchilar ijtimoiy, siyosiy va hayotiy mavzular bo‘yicha tayyorlangan savollarga javob berdi.
Ko‘rik-tanlovning ikkinchi kuni “Toshkent dengizi” dam olish maskanida tashkil etilib, harbiy oilalar dastlab “Sport – salomatlik garovi” shiori ostidagi estafetada o‘zaro bellashdi. Darts, kegli va to‘pni savatga tushirish davomida oilalarning hamjihatligi, epchilligi hamda chaqqonligi sinovdan o‘tkazildi. Sport musobaqalari yakuniga yetgach, tanlovning so‘nggi “Oshga marhamat” shartiga start berildi. Ushbu shartda oilalarning pazandaligi va saranjom-sarishtaliklari namoyon bo‘ldi. “Kitobxon ona” ko‘rik-tanlovi, shuningdek harbiy xizmatchilarning fan olimpiadalari, mental arifmetika, sport musobaqalari va boshqa ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘lgan iqtidorli farzandlarining yutuqlari e’tirof etildi.
Uch kun davom etgan ko‘rik-tanlovning taqdirlash marosimida bu kabi madaniy tadbirlar harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, shuningdek, keng dunyoqarash va tafakkurga ega barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, ko‘rik-tanlovda 3-o‘rinni Jizzax viloyatidan Olimovlar oilasi, 2-o‘rinni Surxondaryo viloyatidan Ro‘zmatovlar oilasi, faxrli 1-o‘rinni esa Qashqadaryo viloyatidan Yuldashevlar oilasi egalladi. Sirdaryo viloyatidan kelgan Absoatovlar oilasi ko‘rik-tanlovning mutlaq g‘olibi bo‘ldi va “Yangi O‘zbekistonning eng ibratli harbiy oilasi” deya e’tirof etildi.
Taniqli san’atkorlar hamda DXX Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mayor Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari