Bugun – Qurilish sohasi xodimlari kuni
Zamonaviy bunyodkorlik faqat devor va tomdan iborat ob’ektni ko‘tarish degani emas. Bu arxitektura, muhandislik, ekologik yechimlar, energiya tejash texnologiyalari va aqlli shaharlar konsepsiyasini qamrab olgan ulkan tizimdir.
Bugun shu tizimda faoliyat olib borayotgan insonlar mehnati e’tirof etiladigan kun. Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan joylarda turli tadbir va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Davlatimiz rahbari ham soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi. Unda so‘nggi yillarda O‘zbekiston qurilish industriyasi ulkan sur’atlar bilan rivojlanib, milliy iqtisodiyotimizning asosiy drayverlaridan biriga aylangani qayd etildi.
To‘qqiz-o‘n yil oldin qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich qariyb 234 trillion so‘mga yetgani soha taraqqiyoti qay darajaga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, qurilish sohasi iqtisodiyotning “yuragi” sanaladi. Yirik sanoat ob’ektlari, uy-joylar, infratuzilma, yo‘llar, irrigatsiya tizimlari va madaniy inshootlari qurilish xodimlarining mehnati orqali hayotga tatbiq etiladi. O‘tgan yili 40 million 500 ming kvadrat metrdan ortiq bino va inshoot qurilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.

– Yoshimiz yetmish oshdi, eski quruvchilardanmiz, – deydi Nuriddin ota Rajabboyev. – Ko‘p yillar oldin mamlakatimizning turli hududlarida – Xorazm, Navoiy va Toshkentdagi qurilish ishlarida qatnashganmiz. Soha vakillariga berilayotgan bugungi imkoniyatlarga havasim keladi. Yana yosh bo‘lib qolgim keladi. Prezidentning tabrigidan, biz bunyodkorlarga e’tiboridan ruhlanib o‘tiribmiz. O‘zim ishlagan davrlarni ko‘p eslayman. Qurilish og‘ir sohalardan biri bo‘lgan. Zarur materiallarini topish qiyin, texnologiyalar esa eskirgan edi. Asosan qo‘l mehnatiga tayanilgan, mexanizatsiya past darajada bo‘lgan. Loyihalar ko‘pincha standart, bir xil turar-joylardan iborat edi. Arxitekturada individual yechimlar deyarli qo‘llanilmasdi. Qurilish ob’ektlari yillab bitmay qolgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Hozir tizimlilik va sifat uyg‘un olib boriladi. Qurilish jarayonlari to‘liq rejalashtirilgan, moliya va logistika muammolari oldindan e’tiborga olinadi. Texnologiya jihatidan ham zamonaviy uskunalar ishlatilyapti. Shuning uchun ham biror joyga bir-ikki yil o‘tganidan keyin borsak, katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz.

Mamlakatda urbanizatsiya jarayonlari tezlashgan, yangi shaharlar va mahallalar qurilayotgan hozirgi paytda, bu soha har kuni mamlakat kelajagini qurmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020 yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetib, 2024 yilda 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy barpo etildi.
– Bu kun biz uchun nafaqat bayram, balki ortga qarab yo‘lni baholash va kelajak rejalarini belgilash fursati sanaladi, – deydi poytaxtimizdagi qurilish kompanyalaridan birining rahbari Ilhom Nuriddinov. – Prezidentimiz tabrigida har bir qurilgan bino, har bir ko‘cha va shaharcha kelajak avlodlar uchun bebaho meros ekanini aytildi. Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda bizga ishonishi hamda suyanishini alohida ta’kidladilar. Biz bu ishonchni oqlashga harakat qilamiz. Buning uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Keyingi yillarda O‘zbekistonda qurilish sohasi misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi. Xususiy kompaniyalar uchun keng yo‘l ochildi. Investitsiya va kredit dasturlari kengaydi, ipoteka tizimi isloh qilindi. Qurilish materiallari bozori ham juda boyidi. Ilgarigidek faqat importga qarab qolmaganmiz. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham juda sifatli mahsulotlar beryapti.
Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi keng ko‘lamli qurilishlar, “Yangi Toshkent” loyihasi, yirik madaniyat va ta’lim maskanlarining barpo etilishi xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasidir. Shu bilan birga, raqamlashtirish, “Shaffof qurilish” tizimi, tender platformasi, “eskrou” amaliyoti kabi zamonaviy yechimlar soha faoliyatini yanada samarali qilishga xizmat qilmoqda.
Bu sana faqat e’tirof emas, balki sohaning nufuzini oshirish, yangi texnologiya va loyihalarni ommalashtirish uchun yana bir muhim vositadir.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri