Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faxriylarning o‘rni
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qism madaniyat markazida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faxriylarning o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat mintaqaviy bo‘linmasi, Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, Qurolli Kuchlar faxriylari, o‘qituvchi va talaba yoshlar, tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruxida tarbiyalashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan uchrashuvda soha fidoyilari o‘zlarining bolalik orzu-havaslari, mashaqqatlarga boy mehnat faoliyati, xizmatda erishgan yutuqlari haqida yoshlarga o‘z xotiralarini so‘zlab berdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda keksa avlod vakillari va yoshlarning o‘rni, tinch-totuv va obod hayotning qadriga yetish, Vatan himoyasidek muqaddas burchning mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati haqida fikr almashdi.
¬–Keksa avlod vakillarini e’zozlab, qadriga yetish, yoshi ulug‘ insonlar maslahatiga amal qilib, ish tutish millatimizga xos yuksak fazilatdir,¬ – deydi batolon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, katta leytenant Bekzod Xaydarov.¬ – Shu ma’noda bugungi uchrashuvda ham faxriylarimizning xotiralarini tinglagan yosh harbiylar, yigit-qizlar albatta, bugungi pandu-nasihatlarga, qimmatli maslahatlarga qatiy amal qiladi. Zero, bu kabi tadbirlar yosh avlodning ona Vatanga daxldorlik hissini yanada kuchaytirib, kasbiy hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuv ishtirokchilari harbiy orkestr hamda Termiz shahar madaniyat bo‘limi maqom ansambli jamoasining konsert dasturini tomosha qildi. Mannon Uyg‘ur nomli Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri aktyorlari Jaloliddin Manguberdi hayotiga bag‘ishlangan sahna asaridan parchalar namoyish etdi.
Viloyatda “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida Qurolli Kuchlar faxriylarini yurtimizning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylariga sayoxatga olib chiqish ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi barcha garnizonlarda o‘tkaziladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA