Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xalqaro tashkilotlar tomonidan yurtimizga berilayotgan e’tibor, uning yanada gullab yashnashi, taraqqiy etishiga o‘zining ulkan ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasida O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani belgilangan. Konstitutsiyaviy huquqlar, erkinliklar kafolatlangan yurtda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi keng jamoatchilikning e’tiboriga, xalqimiz muhokamasiga havola etilganining o‘zi demokratik yondashuvdir.
Mazkur Konsepsiya 7 ta bob, 41 ta banddan iborat bo‘lib, unda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi asosiy vazifalar belgilangan. Konsepsiyada qayd etilishicha, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutadi. Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda.
E’tiborli jihati, mazkur Konsepsiyaning 3-bobi O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi aniq belgilab qo‘yilgan. Unda fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlash kabi vazifalar belgilangani uchun uni huquqiy jihatdan kafolatlagan konsepsiya, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
– jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, yurtimizda ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
–fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish,
–jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish,
–shuningdek, davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
–konstitutsiyaviy normalarga muvofiq davlat boshqaruvi, davlat xizmati, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyati hamda ijtimoiy munosabatlar dunyoviylik asosida tartibga solinishini ta’minlash;
–davlat xizmatchilarining o‘z kasbiy faoliyatida va funksional vazifalarni bajarishda biror-bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishiga yoxud biror-bir dinni yoki e’tiqodni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik;
–fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi vazifalar shular jumlasidan.
Konsepsiyada jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish vazifasi qo‘yilgani ham e’tiborga molik. Zero, bu borada ham O‘zbekiston davlatchilik tarixiga nazar tashlasak, qo‘hna tariximiz boy ilmiy merosi, ma’rifati bilan jahon sivilizatsiyasida o‘ziga xos o‘rin egallaganini ko‘ramiz. Islom olamidagi ilk madrasa Buxoroda IX -asr boshida hanafiy mazhabi faqihlaridan Abu Hafs Kabiyr Buxoriy (767-832 yy) tomonidan asos solingan. Bu madrasa manbalarda “Forjak” madrasasi deb tarixga kirgan. Ayniqsa, madaniyatimiz taraqqiyotida o‘rta asrlar (IX-XII) ya’ni, Sharq Uyg‘onish davri bo‘lib, bu davr muhim ahamiyat kasb etishini keng jamoatchilikka yetkazishimiz zarur. Tarixiy manbalar va adabiyotlardan ma’lumki, IX—XII asrlar O‘rta Osiyoda ilm-fan va madaniyat, ayniqsa, islom ilmlari taraqqiy etgan.
Binobarin, yurtimizdagi Buxoro, Samarqand, Nasaf (Qarshi), Termiz, Xiva, Shosh (Toshkent) kabi qadimiy shaharlar islom dunyosidagi ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida mashhur bo‘lgan. Jumladan, Toshkent – o‘rta asr manbalarida Shosh deb nomlanib, bu yerdan tafsir, hadis, fiqh kabi islom ilmlarida ko‘plab taniqli olimlar yetishib chiqqan. O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi yodgorliklarini asrash va yanada boyitish borasidagi mislsiz xizmatlari uchun Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan 2020 yildan boshlab Buxoro shahri – Islom madaniyatining poytaxti deb e’lon qilingan edi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan yurtimizda tarixdan ilm va ma’rifat yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilganini esga olar ekanmiz, yurtimiz ana shunday sharafli maqomga, e’tiborga loyiq bo‘lgan shunday ulug‘ kunlarimizda yurtning yosh avlodiga, xalqiga kimdir tashqaridan diniy ta’limot berishini aqlga sig‘dira olmaymiz. Quvonarli jihati, faxr ila ayta olamizki, bugun fuqarolarimiz uchun mazkur sohada ham ta’lim olishlari uchun yaxshi imkoniyatlar yaratilganki, O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalar faoliyat ko‘rsatayotgani Konsepsiya hayotiyligining amaliy ifodasi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini o‘rganish, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi,Samarqandda “Hadis ilmi maktabi” va “Kalom ilmi maktabi”, Buxoroda “Tasavvuf ilmi maktabi”, Qashqadaryoda “Aqida ilmi maktabi”, Farg‘onada “Fiqh ilmi maktabi” boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Bu borada qonuniylik prinsipiga muvofiq diniy sohadagi davlat siyosati Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi ta’minlanishi qayd etilgan.
Dunyo hamjamiyati amalga oshirilayotgan islohotlarni tan olayotgan davrda bu sohada xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutishmoqdaki, ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart. Ana shunda barchamiz din sohasidagi davlat siyosatining konseptual asoslarini anglagan holda uni amalga oshirishda bir yoqadan bosh chiqarib faollik va fidoyilikning istiqboliga erishamiz.
Feruza MUHITDINOVA,
TDYUU professor, yuridik fanlar doktori
O‘zA