Yangi O‘zbekistonda inson aziz!
Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan turli sohalarda uzoq yillar halol va samarali ishlagan nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da bo‘lib o‘tgan tadbirda, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz ayyom – istiqlol shodiyonasi bilan muborakbod etdi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida ta’sis qilingan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ko‘p yillar davomida halol mehnat qilgan, yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida alohida tashabbus ko‘rsatayotgan faol nuroniylarga munosib ko‘rilmoqda.

Mazkur mukofotga Namangan viloyatidan loyiq deb topilgan, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, qurilish kabi sohalarda jonbozlik ko‘rsatib jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, tabarruk yoshida ham oilalar va mahallalarda sog‘lom muhitni qaror toptirishda boy mehnat tajribasi, hayotiy hikmatlari bilan namuna bo‘layotgan 56 nafar fidoyiga I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari taqdim etildi.

– Bugungi dorulamon kunlarga yetkazganiga, insonning mehnati chinakam qadrlanayotgan yurtda yashash saodati nasib qilganiga ming shukr, – deydi Namangan shahridagi Sharq tongi mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Sobitxon Ahmadxo‘jayev. – Ellik yildan ziyod tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarida xizmat qildim. Shundan o‘ttiz yil davomida Norin tumanidagi markaziy dorixonaga boshchilik qildim. Elimiz salomatligi yo‘lidagi kamtarona faoliyati birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga lozim ko‘rilganidan behad minnatdorman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.