Yangi O‘zbekiston – yuksak taraqqiyot sari
Munosabat
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik lavozimiga kirishishdagi qasamyod va nutqi xalqimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyat bilan qabul qilindi. Yaqin kelajak, kelgusi besh yillikda amalga oshiriladigan, jamiyatimizning barcha sohalarini qamrab olgan ustuvor yo‘nalishlar belgilangan bo‘lsa, bunda avvalo, inson qadri masalasi ustuvor vazifa sifatida ko‘tarildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Taraqqiyot strategiyasi yettita yo‘nalishdan iborat bo‘lib, jamiyatimizdagi har bir insonni barcha sohadagi faoliyatlarini o‘z ichiga qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu ustuvor yo‘nalishlardan biri sanalgan to‘rtinchi yo‘nalish bu asosan, “adolatli ijtimoiy siyosat va ta’lim tarbiya” masalasidir.
Bu borada davlatimiz rahbari Uchinchi renessans asosiy poydevori – zamonaviy ilm va zamonaviy tarbiya ekanligini qayd etdi. Ayniqsa, zamonaviy fikrlaydigan pedagog kadrlar, mutaxassislarni tayyorlash bugungi kun talabidir.
Ayni vaqtda pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasida yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi belgilanib, ya’ni 2025 yilga borib oliy toifali o‘qituvchilarning oyligi 1000 AQSH dollarga yetkazish masalasi ko‘tarildi. Bu Ustoz muallimlarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lida qo‘yilayotgan katta qadamdir.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimi maktabga uzviy bog‘liqligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada maktabga tayyorlanayotgan farzandlarimizni sifatli ta’lim olish masalalari ham ma’ruzada o‘z aksini topdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, so‘nggi besh yil ichida maktablarni moddiy texnik bazasi mustahkamlash, yangi-yangi maktablar barpo etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Maktabgacha ta’lim tizimida bolalarning soni ko‘payayotganligidan kelib chiqqan holda maktablarning moddiy texnik ba’zasini yaxshilash uzviyligini takomillashtirish bo‘yicha “milliy ta’lim” dasturini ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan. Xususan, maktabgacha ta’lim tizimida 62 foizlik qamrovni 80 foizga yetkazish, oliy ta’lim tizimida qamrovni 50 foizga yetkazish bo‘yicha ham rejalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari nutqtida bu gal ham tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, xalqimiz salomatligini muhofaza qilishdek ustuvor yo‘nalishlar e’tibordan chetda qolmadi. Eng asosiysi, tibbiyotga yo‘naltirilayotgan pul mablag‘larini 2 barobar oshirish, oliy toifali shifokorlar oylik maoshini 1000 dollarga yetkazish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Jamiyatda oilaviy shifokorlar rolini oshirish belgilandi. Ijtimoiy yo‘nalishda belgilangan vazifalardan ko‘rinib turibdiki, bunda avvalo inson qadri, uning yaxshi yashashi va farovon hayot kechirishi uchun vazifalar belgilangan.
Abdulaziz Bobomirzayev,
Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri.
O‘zA