Yangi O‘zbekiston yoshlari – yangi renessans drayverlari
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi
OʻzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – yangi renessans drayverlari” mavzusida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 17 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Muloqotda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida yoshlarni birlashtirish, ularni milliy g‘oyaga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
– Ayni paytda mamlakatimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar hamda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni ertamiz kelajagi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish asosiy maqsadimiz, – deydi Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Zulfiya Seytniyazova. – Yurtimizdagi islohotlarga nisbatan talaba yoshlarning daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirib, ular tafakkurida yangicha tashabbus va g‘oyalarni shakllantirish, jadal rivojlanib borayotgan bugungi taraqqiyot asri yoshlardan zamonaviy bilimlarni puxta egallashni talab etadi.
Tadbirda, shuningdek, nafaqat puxta bilimga ega bo‘lgan, balki doimiy ravishda o‘z ustida ishlaydigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda barcha birdek mas’ul ekanligi qayd etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA