Yangi O‘zbekiston yoshlari erkin va farovon yashaydi
Termiz shahridagi “Amudaryo” xalqaro bolalar oromgohida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Bayramona ruhda o‘tgan tadbirning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov, shoir Bobur Bobomurod va boshqalar so‘zga chiqib mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar inson manfaatlari va xalqimiz, ayniqsa yosh avlod farovonligi uchun xizmat qilayotganini ta’kidladi. Festival ishtirokchilarini o‘ziga xos shodiyonaga aylangan tadbir bilan tabrikladi.

Prezidentimiz g‘oyasi bilan mamlakatimizda e’lon qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar bu borada belgilab olingan vazifalar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Keyingi yillarda navqiron avlodga qaratilayotgan bunday e’tibor ularning ona Vatanga mehr-muhabbati, yurtga sadoqatini keng namoyon etib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi shijoatini yanada kuchaytirishga, yangi-yangi g‘oyalar bilan tadbirkorlik, fan, ta’lim, adabiyot, san’at, sport kabi sohalarda yuksak marralarni egallab, mustaqilligimizni samarali mehnatlari bilan mustahkamlashga undayotir.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratilgani o‘z samarasini berayotir. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning 5 ta hududida yetti marta o‘tkazilgan “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvida ikki mingdan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi. Ochiq muloqotlar chog‘ida ularning yutuq, g‘oya va muammolari tinglanib, hozirgacha mingga yaqin murojaati ijobiy hal etildi. Shuningdek, viloyat hokimining 60 ta sektorda faol yigit-qizlardan iborat jamoatchilik asosidagi ishonchli vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tengdoshlarining muammosini o‘rganish joriy etildi.

– Viloyat markazida ham yigit-qizlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Termiz shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.Ashurov. – Bunda ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar o‘rtaga tashlayotgan masalalarni yechishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganmiz. Ayni paytda 2 ming 600 dan ortiq yigit-qiz “Yoshlar daftari” ruyxatida turibdi. Ular ijtimoiy himoya qilinib, muammolarini yechish, bandlik masalasini hal etib, farovon hayot kechirishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Lo‘nda qilib aytganda, yilning o‘tgan davrida ehtiyojmand yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 700 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu davrda 126 nafar ehtiyojmand yoshga qariyb 124 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bir nafar yoshning bepul davolanishiga homiylik qilindi. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 15 nafar farzandi o‘qishi uchun 52 million 287 ming so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt puli o‘tkazib berildi.
Mazkur festivalda ham Termiz shahridan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 140 ga yaqin yigit-qizga zamonaviy tikuv mashinalari, kompyuter jihozlari, turli asbob-uskuna va ish qurollari sovg‘a qilinib, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirishga ko‘maklashildi.
Tadbir doirasida yoshlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, amaliy va tasviriy san’at asarlari, kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Yigit-qizlar o‘rtasida sportning voleybol, mini futbol, shaxmat-shashka, arqon tortish, tosh ko‘tarish, armrestling, suzish kabi o‘nta turi bo‘yicha bellashuvlar uyushtirilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi. Zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Festival poytaxtdan kelgan hamda mahalliy san’atkorlarning, el suygan baxshilarning gala konserti bilan yakunlandi.
Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tadbir viloyat tumanlarida ham yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA