Yoshlar – davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi, ertasining egalari. Ular tom ma’noda, O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir.
Har qanday davlatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi shu qadar keng ochib berildiki, bunday imtiyoz va imkoniyatlar hech bir davlatda yo‘qligini baralla ta’kidlash mumkin.
Jumladan, 2021 yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etildi. Hozirgi Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab borilyapti.
Shuningdek, IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda. Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etildi va mazkur jamg‘arma yoshlarning loyihalarini qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiryapti. Bundan tashqari kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Alohida ta’kidlash joizki, kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratilmoqda. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan berilyapti. Bu maqsadlar uchun birgina 2021 yilning o‘zida 45 million dollar ajratilgani qancha-qancha yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topishiga imkon bermoqda.
Ayniqsa, maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «Bo‘lajak olim» tanlovining tashkil qilingani va bu orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga juda katta mablag‘lar yo‘naltirilayotgani ham yoshlarga berilayotgan katta imkoniyatlardandir.
Bugun har bir mas’ul idora rahbari o‘z vazifalarining eng avvaliga yoshlar bilan ish olib borishni qayd etib qo‘ygani aniq. Chunki zamon, davlatimiz rahbarining talabi shu. Hokimlardan tortib, har bir idora rahbarlarining yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazayotgani, bunday muloqotlarda yoshlarning juda ko‘p muammolari juda tez yechimini topayotgani nihoyatda quvonarlidir. Zotan, bir nafargina yigit yo qizning hayotiga oid muammoning ijobiy yechimini topishi – bu kelajakda bir oilaning farovonligi va mustahkamligiga qo‘yilgan poydevordir.
Yoshlar orasida turli oila muhiti, turli qatlamga oid yigit-qizlar bor. Yoshlarning barchasi ham ta’lim olish va yoki ish bilan band emas. Ular uyushmagan yoshlar deb atalmoqda. Joylarda eng birinchi galda mana shunday qatlam vakillariga e’tibor qaratilmoqda. Natijada ishsiz, kasb-hunarsiz yoshlar soni tobora kamaymoqda. Bu o‘z-o‘zidan yoshlar tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini oladi.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida ham mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam.
2020 yilning 30 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi va ushbu hujjatdan kelib chiqadigan vazifalar, shuningdek, O‘zbekistonda 30 iyun - “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti va «Kelajak bunyodkori» medallari ta’sis etildi.
Binobarin, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish nihoyatda muhim. Yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining kafolatidir.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlarning negizi hisoblangan ta’lim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda ta’lim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi. Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yurtimizda izlab topilmoqda. O‘zbekiston rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqda.
Shu maqsadda mamlakatda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Maktab ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qayta joriy etildi. Viloyatlarda yangi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy ta’lim shakllari tiklandi. Keyingi ikki yil ichida 15 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlari filiallari ochildi.
Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi mamlakatimiz tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz.
Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik...Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda, sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”!
Darhaqiqat, yoshlar mamlakatning chinakam "oltin fondi" ekani bugun yangilanib borayotgan O‘zbekistonda tobora ko‘proq o‘z aksini topmoqda.
Tolibjon MIRZAJONOV,
Andijon davlat universiteti talabasi.