“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”
Navoiy shahrida Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali o‘z nihoyasiga yetdi.
Dastlab viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov boshchiligida sektorlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari shahar markazidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida hunarmandchilik buyumlaridan tashkil topgan ko‘rgazmani ko‘zdan kechirib, tadbirga tashrif buyurgan nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan festivalning yopilish marosimida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
[gallery-7746]
Festival doirasida “Hokim va bitiruvchi yoshlar”, she’riyat kechalari, “Yosh kitobxon oila ”, “Yosh oshpaz”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zakovat”, “Modalar namoyishi” kabi tadbirlar, “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam”, turli sport musobaqalari, yoshlarning intellektual salohiyatini namoyish etishlari uchun robototexnika va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmalari tashkil etilib, ularda yoshlar faol ishtirok etdi.
Tadbirda turli tanlovlar, “Besh tashabbus olimpiadasi” va futbol, mini futbol bo‘yicha “DXX raisi kubogi” musobaqalari viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar va jamoalar “Diplom”, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
San’at ustalari va yosh iste’dod egalari ijrosida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA