"Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030" strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030 strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan "Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030" strategiyasi tasdiqlandi va quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
a) yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash;
b) ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash va inklyuziv ta’limni rivojlantirish;
v) xorijiy tillarni o‘rganishni yanada ommalashtirish hamda kasbiy ta’limni rivojlantirish;
g) yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash;
d) yoshlarni madaniy, jismoniy va ma’rifiy jihatdan rivojlantirish, volontyorlik madaniyatini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirish;
j) yoshlar sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish;
z) yoshlar siyosatida ochiqlik va ishtirok etish mexanizmlarini kuchaytirish hamda yoshlar bilan muloqotni kengaytirish;
i) yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlik hamda xalqaro integratsiyani kuchaytirish.
Quyidagilar Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan 600 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash;
b) xorijiy tillarni o‘rganib, kamida V2 darajasiga erishgan yoshlar sonini 2030-yilga qadar 450 ming nafarga yetkazish;
v) Yoshlar volontyorlik umummilliy harakati orqali 2030-yilga qadar 900 ming nafar yoshlarni volontyorlik loyihalariga jalb etish;
g) nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlar sonini 2030-yilga qadar 2 baravarga oshirish;
d) har yili kamida 10 mingta yosh oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;
j) yoshlar jinoyatchiligini 2030-yilga qadar 40 foizga kamaytirish.
Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash va yanada ommalashtirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish yuzasidan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
a) xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq davlat xizmatlari to‘lovlari miqdorini 50 foizga kamaytirish;
b) xorijiy tillar bo‘yicha kamida V2 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish boji miqdorini 50 foizga kamaytirish.
O‘zA