O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yangi O‘zbekiston" gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblarini katta qiziqish bilan mutolaa qildim.
Suhbat so‘nggi besh yil ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan majmuaviy islohotlarning ko‘lami naqadar keng, mustahkam, oqilona va eng muhimi, o‘z samarasini berayotgani – Yangi O‘zbekiston atalmish qudratli davlat har jabhada jahonga adl bo‘y cho‘zayotgani, olib borilayotgan islohotlar samarasi tahlikali XXI asr muhitida buyuk o‘zbek xalqining tinch-totuv, obod va farovon, rohat-farog‘atda – ertangi kunga ishonch tuyg‘usi bilan hayot kechirishini ta’minlayotganini ifoda etgan. Qisqa fursatda amalga oshirilgan islohotlar xronika tarzida ko‘z o‘ngimdan birma-bir o‘tdi.
Aytish mumkinki, mazkur suhbat Yangi O‘zbekiston siyosiy palatformasining hayotiy faktorlarga asoslangan sharhi, publitsistik talqini bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining: “bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.” – degan samimiy e’tirofi allaqachon yuksak umummilliy maqsadlarimizning “yo‘lchi yulduzi”ga aylandi.
bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini his etmoqda. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e’tiborlidir.
Mazkur tarixiy suhbat mamlakatimizdagi barcha sohalarda jadal sur’atlarda davom etayotgan islohotlarning “xaritasi” o‘laroq qimmatli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Suhbat mobaynida bildirilgan fikrlar aosida turli soha, kasbu kor egalariga, turli yosh qatlamlariga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rliklar, yaratib berilayotgan imkoniyatlar, bildirilayotgan yuksak ishonch mavjudligini ko‘rish mumkin.
Xalqimizning umummanfaatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi amaliyotlar izchilligi barobarida jahon davlatlari, xususan, qo‘shni davlatlar bilan mustahkamlangan do‘stlik, hamkorlik, stategik sheriklik rishtalari ham – Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining do‘stlik va ezgulik tashabbuskor ekanligini namoyish etdi. Aytish mumkinki, bu borada jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan iboraning paydo bo‘lishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari bor.
Ilmdan o‘zga najot yo‘q! Davlatimiz rahbari har bir chiqishida, yoshlar siyosati va yosh avlodning sifatli ta’lim olib, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi lozimligini, bu borada oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tobora zamonaviylashib, xalqchillashib borayotganini alohida ta’kidlaydi.
Ayni islohotlar samarasini raqamlar orqali bilish mumkin. Suhbat davomida Prezidentimiz mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazilgani, xorij oliy ta’lim muassasasining 26 ta filiali ochilgani, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta bo‘lganini qayd etdi.
Bugun esa bu boradagi yutuqlar ulkan. Keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshdi. Joriy yilda 182 ming nafar yosh uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetganini anglatadi. 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.
2021 yil mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari uchun namuna bo‘lib, eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi O‘zbekiston” universitetining Toshkent shahrida tashkil etilgani ham ilmiy salohiyatli, yetuk kadrlarni tayyorlash ishlari yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu suhbatni o‘qib har bir fuqaro, keksa-yu yosh, rahbaru xodim, o‘g‘il-qiz, olimu talaba o‘z Vatani uchun nima qilishi kerakligini anglaydi.
Avazjon Marahimov,
Termiz davlat universiteti rektori, professor
O‘zA