AOKA da Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti mutasaddilari ishtirokida matbuot anjmuni tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga hujjatlar qabuli joriy yilning yanvar oyidan boshlanib, iyul oyiga qadar davom etishi belgilangan bo‘lib, talabalarga sifatli ta’lim berish uchun xorijlik professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Universitetda darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Shu maqsadda imtihon savollari ham ingliz tilida tuzilgan.
Shuningdek, qabul shartlariga ko‘ra, o‘qishga ariza topshiruvchi talabgorlardan ingliz tilini eng kamida V2 darajada bilishni tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Bunda talabgorlar IELTS 5.5, CEFR B2 va TOEFL iBT 46 kabi minimum natijalarga ega bo‘lishi kerak. Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikati bo‘lmagan abituriyentlarning ham arizalari qabul qilinadi. Ammo ular 26 avgustga qadar talab etilgan minimum darajaga ega ekanliklarini tasdiqlovchi sertifikatni qabul bo‘limiga taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
Mazkur universitetga akademik litsey, kollej va maktablarning oxirgi sinf o‘quvchilari ham hozirdan o‘qishga ariza topshirishi mumkin va ular shu yilning 26 avgustiga qadar bitiruv attestatini qabul bo‘limiga topshirishi kerak.
O‘qishga arizalar Kimyo va materialshunoslik muhandisligi, Mexanika muhandisligi, Dasturiy ta’minot muhandisligi, Kiber xavfsizlik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Amaliy matematika, Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, Pedagogika va Sanoat boshqaruvi kabi 9 ta ta’lim yo‘nalishining bakalavriat bosqichiga qabul qilinadi. Barcha ta’lim yo‘nalishlarida talabgorlardan matematika va mantiqiy fikrlash bo‘yicha imtihon olinadi.
Agar talabgorlarda SAT, International Baccalaureate Diploma, GCSE, GCE O-Level, GCE A-Level/AS-Level, IGCSE kabi matematikani bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat bo‘lsa, talabgorning xohishiga ko‘ra, imtihondan ozod etiladi va kirish imtihonidan xalqaro sertifikatda ko‘rsatilgan natijasiga asosan maksimal ball taqdim etiladi.
Universitetda qabul imtihonlarida yuqori natija qayd etgan talabgorlarga turli miqdordagi bir yillik grantlar ajratiladi. Jumladan, har qanday ta’lim yo‘nalishiga eng yuqori natija asosida o‘qishga qabul qilingan top 10% talabalarga 100% grant, ketma-ketlik tarzida keyingi 10% ni tashkil qiluvchi talabalarga 70% grant va undan keyingi 15% talabalarga 50% grant ajratiladi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi kabi ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari o‘quvchilaridan eng yuqori ball asosida o‘qishga qabul qilingan 5% talabgor, xalqaro olimpiada g‘oliblari, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kirgan oila a’zolari va Prezident maktabi bitiruvchilari 4 yillik 100% grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA