Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Tinchlik, millatlararo totuvlik va insonparvarlik har qanday davlat taraqqiyotining eng muhim tayanchlaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda bu ezgu qadriyatlar nafaqat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi, balki xalqimiz hayotining ajralmas qismiga aylandi. Yurtimizda turli millat va elat vakillarining o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bir oiladek ahil yashab kelayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilayotgan yuksak insonparvarlik namunasidir. Shu bois har yili 30-iyul – Xalqaro do‘stlik kuni mamlakatimizda yuksak ruh, samimiy muhit va ezgu g‘oyalar bilan nishonlanadi.
Ayni shu munosabat bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Yangi O‘zbekiston – do‘stlik va insonparvarlik zamini” mavzusida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda partiyaning viloyat kengashi xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi, viloyat Axborot-kutubxona markazi xodimlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Huseynova ochib berdi. U o‘z ma’ruzasida Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir Vatan ostida tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida hayot kechirmoqda. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning amaliy samarasi, xalqlar o‘rtasidagi ishonch va birdamlikning yorqin ifodasidir. Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoli, Buxoro davlat universiteti professori, Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Azizbek Amonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda Xalqaro do‘stlik kuniga bag‘ishlab tayyorlangan “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar”, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” va “Yangi O‘zbekiston – do‘stlik va insonparvarlik zamini” nomli monografiyalarning taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot chog‘ida ushbu ilmiy asarlarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining tarixiy ildizlari, huquqiy asoslari, zamonaviy taraqqiyot bosqichlari hamda bugungi ijtimoiy-siyosiy ahamiyati chuqur tahlil qilingani ta’kidlandi. Bu nashrlar nafaqat olimlar, balki yoshlar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy manba bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari ham mamlakatimizda barcha millat va elat vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va do‘stlik muhitini mustahkamlash, umumiy taraqqiyot va yurt ravnaqi yo‘lida hamjihatlikda mehnat qilishlarini ta’kidladi.
Tadbirning tantanali qismida rus, koreys, nemis, tatar-boshqird, qozoq, ozarbayjon, yahudiy, tojik-fors, turk, turkman hamda polyak milliy madaniy markazlarining Buxoro viloyati bo‘limlari rahbarlariga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu e’tirof ularning mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lidagi samarali faoliyatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.

Mazkur tadbir yana bir bor shuni namoyon etdiki, Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi — turli millat va elat vakillarining ahilligi, o‘zaro hurmati va umumiy maqsadlar yo‘lidagi birdamligidir. Do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlar xalqimizni yanada birlashtirib, mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti, tinchligi va farovon kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, do‘stlik hukm surgan yurtda taraqqiyot bardavom, inson qadri esa hamisha ulug‘ bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri