
Barchamizga ma’lumki global pandemiya davrida raqamli texnologiyalarning ahamiyati sezilarli darajada oshdi, bu esa raqamli transformatsiyaning, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun qanchalar muhim ekanligini ko‘rsatdi.
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Haqiqatan ham, raqamli transformatsiya jamiyatni yanada modernizatsiya qilish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish salohiyatiga ega. Shu bois, Yangi O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotida barcha asosiy sohalarni raqamlashtirish hamda mamlakatda haqiqiy axborot jamiyatini barpo etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Jumladan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” va “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da milliy iqtisodiyot, sanoat va umuman jamiyatda raqamli transformatsiyani amalga oshirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni izchil takomillashtirib borish, davlat fuqarolik xizmatchilari shaxsiy ma’lumotlarining xavfsizligini ta’minlagan holda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biridir.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda, Agentlik tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi ishga tushirildi. Davlat fuqarolik xizmatchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Davlat fuqarolik xizmatiga munosib kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish tizimi joriy qilinib, tanlovlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (vacancy.argos.uz) axborot tizimi ishga tushirildi.
O‘tgan davr mobaynida viloyatdagi 48 ta davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud vakant lavozimlar uchun 4 ming 774 marta ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etilib, mazkur vakant lavozimlarga jami 35 ming 452 nafar fuqarolar hujjat topshirgan. Tanlovlar yakuniga ko‘ra, 1487 nafar nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishiga erishildi.
Barcha tuman (shahar) hokimliklari hamda sektorlar rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida samaradorlik.uz baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining bilimlarini aniqlaydigan hamda ularning psixologik portretini yaratish uchun xizmat qiladigan “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” (test.argos.uz) elektron axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, sinov natijalaridan malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilmoqda. Shuningdek, agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining ishdan ajralmagan holda malakasini oshirish maqsadida ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali ishga tushirilgan.
Hozirgi vaqtga qadar mazkur portalda turli sohalarga oid 400 ga yaqin videomaterial, 240 dan ortiq elektron adabiyotlar joylashtirilgan.
bugungi kunda tizimda viloyat bo‘yicha 3 ming 706 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari ro‘yxatdan o‘tgan.
Agentlik tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh ilmiy-metodik markaz bilan hamkorlikda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun maxsus masofaviy malaka oshirish platformasi bimm.uz ishga tushirilgan.
bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 2 ming 590 nafar turli darajadagi davlat fuqarolik xizmatchilari, jumladan, 38 nafar “Kelajak liderlari” klubi a’zolari, 56 nafar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan 33 nafar hamda hudud va tuman (shahar) darajasidagi 2 ming 463 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari ushbu malaka oshirish kursida malaka oshirdi. Ularning 2 ming 446 nafari kursni muvaffaqiyatli yakunlab, malaka sertifikatiga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda “Raqamli davlat fuqarolik xizmati” konsepsiyasi doirasida hrm.argos.uz elektron platformasi ham ishga tushirildi. Mazkur platforma inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida ishlab chiqildi.
Endilikda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinadi va yuritiladi.
Platforma Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz hamda Yagona milliy mehnat tizimi — my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integrallashgan. Xodimlar va mehnatga doir ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
Elektron tizim 2023 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, mahalliy hokimliklarda joriy etilmoqda.
Hozirda viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari kadrlar xizmatlari xodimlari uchun ushbu platformadan foydalanish tizimga xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini kiritish tartibi yuzasidan seminarlar tashkil etilib, unda mazkur tizimning afzalliklari xususida tushuntirishlar berilmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, hrm.argos.uz axborot tizimining ishga tushirilishi natijasida davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarishda qog‘oz sarfining kamayishi, vaqtning tejalishi, xodimlar bilan ishlash jarayonida shaffoflikni ta’minlanishiga erishilib, axborot xavfsizligini ta’minlanishi hamda davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari bo‘yicha yagona markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, albatta, kadrlar xizmatlari xodimlari faoliyati samaradorligi va ish sifatini keskin oshiradi.

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatining rahbarlik lavozimlari zaxirasiga kiritilgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar — ko‘nikma va kompetensiyalari, mehnat faoliyati hamda assesment natijalari bo‘yicha ko‘rsatkichlardan tashkil topgan elektron portfolio ishlab chiqildi. “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da Davlat boshqaruvini takomillashtirish va davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, xususan davlat organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, “mobil boshqaruv” tizimini yaratish bilan bog‘liq bir qator vazifalar mavjud. Jumladan, davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida raqamlashtirish maqsadida “Davlat xizmatchisi” mobil dasturini joriy etish belgilangan.
Ushbu qulaylik va ochiqlik fuqarolarni davlat fuqarolik xizmatiga tenglik, adolatlilik prinsipi asosida ishga qabul qilinishida yaqindan ko‘maklashadi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida “Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor. Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin”, deb ta’kidlab o‘tgan edi.
Albatta, zamonaviy davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish boshqaruv faoliyati samaradorligini oshiribgina qolmay, balki uning ochiqligi, sifatini oshirib, jamoatchilikka davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini kuzatib borish imkonini yaratadi.
Sardor Jo‘rayev,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining
Navoiy viloyati filiali yetakchi inspektori
O‘zA