Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi sahifa

Samarqand shahrida joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari yirik xalqaro anjuman – Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro tadbirning mamlakatimiz, qolaversa, Tashkilotga a’zo hamda kuzatuvchi davlatlarning hamkorlik aloqalarida tutgan o‘rni, Samarqand sammitining o‘ziga xos xususiyatlari hamda tarixiy ahamiyati to‘g‘risida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov bilan suhbatlashdik.

– Dastlab, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti haqida, O‘zbekistonning bu tashkilotga a’zo bo‘lishi, umuman, bu tashkilotning maqsad va vazifalari xususida to‘xtalsangiz? 

– Shanxay Hamkorlik Tashkiloti shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda katta hissa qo‘shib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — eng yosh tuzilmalardan biri bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ushbu tashkilot maslahat mexanizmi formatidan, bugungi kunga kelib keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha bo‘lgan darajaga yuksaldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mazkur tashkilot 1996-1997 yillarda “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan va 2001 yilda O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan. Mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. 

Hozirgi kunda tashkilot 8 ta doimiy a’zo davlatni, 4 ta kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha 6 ta sherik davlatni o‘z atrofida birlashtirgan. O‘zbekiston Respublikasi ham doimo SHHTning eng faol va tashabbuskor a’zosi bo‘lib kelgan. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati — ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik tashkilotdir.

– Sammit oldidan Prezidentimizning joriy yil 12 sentyabr kuni chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi haqida...

– Maqolada yurtimizda o‘tkazilishi kutilayotgan sammitning dolzarbligi, maqsadi, vazifalari va qolaversa, kutilayotgan natijalari asosli dalillar bilan batafsil bayon qilingan. Unda Prezidentimiz tomonidan “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik”, deb ta’kidlashi negizida SHHT xalqaro tashkilot sifatidagi o‘rni va faoliyatining asosi ko‘rsatilgan. Shuningdek, tashkilotning muvaffaqiyat garovi sifatida — mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonlama hamkorlikni ilgari surish, bu tashkilot o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan holi bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Prezidentimiz yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjudligi, bu o‘rinda transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatadi.

bugungi murakkab sharoitda hech bir mamlakat yolg‘iz holda global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emasligini, bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikda faoliyat olib borishni taqozo etishini ta’kidlaydi. Shu o‘rinda, inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratish lozimligi, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish, tashkilotga a’zo barcha uchun birdek manfaatli ekanligini Prezidentimiz alohida ta’kidlab o‘tgan.

Maqolada asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozimligini, bunda esa, “Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish  vazifalarini va buning taraqqiyotimizdagi ahamiyati haqida aytilgan.

– SHHT mazkur sammitining yurtimizda o‘tkazilganining ahamiyati...

– Biz yuqorida tilga olgan Prezidentimiz maqolasida aynan shu haqda so‘z borgan. Bunda Samarqand zamini tilga olinar ekan, bu afsonaviy shaharning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga, Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qilishiga hamda ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirganligiga urg‘u beriladi. Shuning uchun ham “Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin”, deya ta’riflangan.

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Mazkur oyda butun yer sayyorasining diqqat-e’tibori mamlakatimizga qaratildi. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik 500 dan ortiq OAV xodimlari tomonidan dunyoning barcha telekanallarida va ijtimoiy tarmoqlarida “O‘zbekiston”, “Samarqand” atamalari baralla yangradi. Qolaversa, butun dunyoda Yevroosiyo yetakchi davlatlari rahbarlarining sammitdagi uchrashuviga qiziqishlari ortdi. 

O‘zbekiston, jumladan, Samarqand tom ma’noda jahon siyosatining markaziga aylandi. Negaki, sammit tashkilotga a’zo mamlakatlar manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan, mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, umuman olganda, dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlarga ta’sir ko‘rsatadigan mutlaqo yangi sharoitlarda o‘tkazildi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlaymizki, biz bugun dunyoda global siyosat va iqtisodiyotda tobora kuchayib borayotgan “girdoblar” va jiddiy keskinliklarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Shuning uchun, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari, jumladan, BMT xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari (Xitoy va Rossiya) — yadro quroliga ega qudratli davlatlarning ishtiroki xalqaro hamjamiyat uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shunisi muhimki, mamlakatimiz nafaqat sammitning o‘ziga mezbonlik qildi, balki uning doirasida ko‘plab: ikki-uch, hatto to‘rt tomonlama uchrashuvlar doirasida kelishuvlar imzolandi. Bu esa, ulug‘vor maqsadlarni oldiga qo‘ygan nafaqat Yangi O‘zbekiston mamlakatiga, balki jahon siyosatiga ham katta ta’sir qiladi. Ana shuning uchun ham Samarqand sammiti chinakam tarixiy hodisa sifatida muhim ahamiyatga egadir.

 SHHT Samarqand sammitining oldingi sammitlardan o‘ziga xosligi nimada deb bilasiz?

– Samarqanddagi sammit SHHT doirasida o‘tkazilgan eng yirik va eng nufuzli siyosiy tadbirga aylandi. SHHT tarixida ilk bor sammitda 14 ta davlat yetakchisi va 10 ta xalqaro tashkilot rahbari ishtirok etdi. O‘zbekiston Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Kaspiy dengizi mintaqasi davlatlari rahbarlarini bir maydonga to‘pladi. Ular do‘stona muhitda, yuzma-yuz muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. 

Samarqand sammiti SHHT nafaqat eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lib qolayotganini, balki o‘zining asosiy tamoyillari – bloklardan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, tenglik va o‘zaro hurmatga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi. Davlatimiz rahbarining SHHT “tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan holi bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim”ligi haqidagi murojaati ham o‘z tasdig‘ini topdi.

– Samarqand sammitining qanday amaliy natijalarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?

– Eng muhim jihatlardan biri shundaki, ishtirokchi davlatlar tomonidan bugungi kundagi energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tanazzulning kuchayishi, mavjud logistika yo‘nalishlari va ta’minot zanjirlarining uzilishi, sayyoramizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashib borayotganini asosiy diqqat markazida tutishdi. Sammit doirasida 40 dan ortiq hujjat imzolangan bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tuzilgan va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy hujjatlardir.

Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlar chinakam yutuq bo‘lib, ular Shanxay Hamkorlik Tashkilotini kelgusi o‘nlab yillar davomida rivojlantirishda muhim, chinakam yangi strategik yo‘nalishlarni belgilab berdi. Masalan, strategik hujjatlardan SHHTga a’zo davlatlarning Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks rejasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga munosabat bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Qo‘shma bayonoti o‘rin oldi.

Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyalari imzolandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi. Hududlararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

SHHTning kutilayotgan kengayishi Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar bilan muloqotda SHHTga sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash orqali amalga oshirildi. Bundan tashqari, SHHT va qator xalqaro tashkilotlar o‘rtasida rasmiy aloqalar o‘rnatildi. Ular orasida YUNESKO, ADL, ESKATO kabilar ham bor.

“O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha o‘z qarorini 20 yil kutgan edi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Ikkinchi kontinental transport ko‘prigining janubiy yo‘lagini yaratish bilan birga, uch mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi mahsulotlar bozorlarini ham ochib beradi. Yo‘l qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari transport infratuzilmasini rivojlantirishni, Fors ko‘rfazi va Tinch okeani portlariga qulay chiqishlarini ta’minlaydi.

Samarqand sammiti doirasida ikki va ko‘p tomonlama shakllarda o‘tkazilgan muzokaralar sonini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar bir qator global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati bo‘ldi. Jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilinishi bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi” ushbu sammitning asosiy voqeasi sifatida e’tirof etildi. Bu masalada fikrlaringiz?

– Shubhasiz, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi” ni SHHT sammitining asosiy voqeasi deb atash mumkin.

Prezidentning taklifi Samarqand sammiti arafasida e’lon qilingan dasturiy maqolasining mantiqiy davomi bo‘ldi. Darhaqiqat, Samarqand tashabbusini uning maqolasida belgilab berilgan zamonaviy dunyo tartibining asosiy chaqiriqlari va muammolariga o‘ziga xos javob, deyish mumkin. Shuning uchun, bu tashabbus ana shunday e’tibor tortgani va ekspertlar muhokamasi markazidaligi tabiiy.

Samarqand tashabbusiniнг ahamiyati, birinchi navbatda, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda uning dolzarbligi. Jahon miqyosida ishonch va o‘zaro begonalashish inqirozi kuchayib borayotgan bugungi kunda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, kelishmovchiliklarga qaramay, kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni izlashga tayyor bo‘lgan” barchani konstruktiv muloqotga jalb etish muhim, deya ta’kidlanadi.

Bundan tashqari, Samarqand tashabbusining yana bir o‘ziga xosligi shundaki, ilk bor bugungi kunning dolzarb masalalari bo‘yicha hali o‘xshashi bo‘lmagan global muloqot maydonini shakllantirish masalasi taklif etildi. Ya’ni, iqtisodiyoti, geografiyasi, kattaligi, madaniyati turlicha bo‘lgan davlatlar va xalqlarni birlashtira oladigan maydon. Bu maydon ularni birgalikda mulohaza yuritish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni yanada ta’minlash uchun yangi yondashuvlarni izlash maqsadida birlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Aytish mumkinki, SHHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli modeli jahon darajasiga ko‘tarilib, xalqaro hamkorlikning yangi formati uchun asos bo‘ldi. Darhaqiqat, mazkur sammit geosiyosiy raqobat, madaniy va qadriyatlar nizolari, milliy xudbinlik va mafkuraviy tarafkashlikdan holi yangi xalqaro muloqot bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

– Mazkur sammitning Orolbo‘yi hududi uchun tutgan o‘rni haqida to‘xtalsangiz?

 – Sammit doirasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, turizm, atrof-muhit muhofazasiga oid qabul qilingan hamda imzolangan tarixiy hujjatlar Yangi O‘zbekiston tarkibida dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Yangi Qoraqalpog‘iston uchun ham juda katta amaliy ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Ta’kidlash joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi hududida hamda ayni paytda ekologik fojianing qoq markazida joylashgan hudud hisoblanadi. Mazkur ekologik krizisning salbiy oqibatlarini yumshatish, aholi salomatligini muhofaza qilish, hududda yangi sanoat-kooperatsiyalarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali Orolbo‘yi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlarda SHHTga a’zo, shuningdek, kuzatuvchi va hamkor davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar, albatta, o‘zining samarali natijasini beradi.

Xulosa o‘rnida, дuнёда ro‘y berayotgan buyuk rivojlanishlar, innovatsion yutuqlar zamirida, albatta, ilm yotadi. Shu o‘rinda Imom al Buxoriy bobomizning “Ilmsiz najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”, degan so‘zlari fikrimiz dalilidir. Demoqchimizki, Prezidentimiz sammitda so‘zlagan nutqida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida kelgusida tizimli ravishda universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shma formatlarni ta’sis etish zarurligi to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi va bu takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Respublikamizdagi to‘ng‘ich oliy ta’lim muassasasi sifatida, o‘zining salkam 90 yillik tarixiga ega bo‘lgan, 20 ming nafarga yaqin talaba va 600 dan ziyod pedagogik jamoaga ega bo‘lgan Nukus davlat pedagogika institutining keng jamoatchiligi – Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan tarixiy hujjatlarni, takliflarni bugungi hamda ertangi kunimiz uchun nihoyatda muhimligini alohida ta’kidlaydi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. 

Hozirgi kunda institutimiz dunyoning 50 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, ularning aksariyati SHHTga a’zo va hamkor bo‘lgan Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Pokiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot markazlari hisoblanadi. Sammit doirasida qabul qilingan hujjatlar esa, bizning ayni yo‘nalishdagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashda, yoshlarimizni Vatanimizning buyuk kelajagi yo‘lida yetuk mutaxassis bo‘lib, Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni qurishga qodir bo‘lgan raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishida muhim zamin bo‘lishiga ishonamiz.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mazkur sammitning mazmun-mohiyatini o‘quvchi va talaba yoshlar, qolaversa, xalqimiz orasida keng tushuntirish, targ‘ib qilish – yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muassasalarining asosiy vazifalaridan biridir. 

 

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi

 Islam Matekov suhbatlashdi,

O‘zA