“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida joriy yilning 4-9-iyun kunlari poytaxtimizda tashkil etiladigan “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘.Salomov, sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalarining mas’ul vakillari, hududiy sport boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida musobaqalarning poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da o‘tkaziladigan final bosqichlariga tayyorgarlik holati, ishtirokchi delegatsiyalarni kutib olish, joylashtirish, transport-logistika masalalari hamda musobaqalarni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 4-iyunga qadar barcha delegatsiyalar va talaba-sportchilarning musobaqa o‘tkaziladigan hududlarga yetib kelishini ta’minlash, ularning yashash va ovqatlanish sharoitlarini tashkil etish, xavfsizlik hamda tibbiy xizmat masalalarini samarali yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, 7 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarning hakamlik jarayonlari, musobaqalarni boshqarib boradigan mutaxassislar, sportchi-talabalarga qo‘yilayotgan talablar, ularni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish holati, tadbirlarni belgilangan reja-grafik asosida o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalarini namunali tashkil etish, sportchilar va mehmonlar uchun munosib sharoit yaratish hamda musobaqalarning nufuzini yanada oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA