Yangi O‘zbekiston sport infratuzilmasi Doxada e’tirof etildi
Qatar poytaxti Doxa shahrida Xalqaro chim ustida xokkey federatsiyasi (FIH) ning 50-kongressida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Avazjon Karimov bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Tayyab Ikram, FIH bosh direktori Mike Joycye, Osiyo mintaqasi xokkey rahbariyati, shuningdek, Yaponiya, Hindiston, Tailand, Malayziya, Qatar, Niderlandiya va Belgiya davlatlari milliy chim ustida xokkey federatsiyalari mutasaddilari bilan chim ustida xokkeyni rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqboldagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdi.

Muloqotlar jarayonida yangi O‘zbekistonning tobora yangilangan sport infratuzilmasida chim ustida xokkeyning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanganligi, zamonaviy sport majmualari bunyod etilganligi, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar boshqa mamlakatlarga andoza bo‘lishi ta’kidlandi.
Kongress davomida chim ustida xokkeyni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, yangi strategik tashabbuslar, milliy federatsiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur sport turining ommaviyligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining “Fit for the Future” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash hamda chim ustida xokkeyining rivojlanishiga qaratilgan “Made For Hockey 2032+” yangi istiqbolli dasturi ma’qullandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA