Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratayotgan ustozlar
Ustozlar – hayot yo‘llarimizni yoritguvchi mash’ala. Ularning sabog‘i, yo‘l-yo‘riqlari, nasihatlari erishgan yutuqlarimizning asosiy omillaridan sanaladi. Shu kunlarda mamlakatimizda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Ustoz qadri — millat qudrati” nomli ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Unga yurtimizning eng ilg‘or ustozlari, “Yil o‘qituvchisi” Respublika tanlovi g‘oliblari, faxriy pedagoglar taklif etildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, muzeylar, teatrlar faoliyati bilan batafsil tanishdi.
Mamlakatimiz o‘qituvchilari “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi “Mustaqillik monumenti” poyiga gullar qo‘ydi. Shu kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.
Bayram tadbiriga ta’limning barcha bo‘g‘inlarida mehnat qilayotgan ustozlar, faxriy pedagoglar, izlanuvchan yosh o‘qituvchilar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvichi va murabbiylariga bayram tabrigida e’tirof etilganidek, yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishda ta’lim-tarbiya, ma’naviyat va ma’rifat ravnaqiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda o‘qituvchilik kasbini e’zozlash va ulug‘lash, ustozlarning jamiyat hayotidagi mavqei va maqomini tobora yuksaltirish bo‘yicha keng qamrovli, tizimli, ibratli amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani farzandlarimiz erishayotgan ulkan yutuqlarda asosiy omil bo‘lmoqda. Yaqindagina yosh shaxmatchilarimizning Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alabasida ta’limga qaratilayotgan e’tibor, ustozlarning ham xizmatlari beqiyosdir.
Aytish kerakki, o‘qitish tizimini rivojlantirishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ham salmoqli ishlar olib borildi. Xususan, maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 78 foizga yetkazildi. Joriy yil davomida 811 ming nafardan ortiq 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlovga jalb qilish natijasida qamrov ko‘rsatkichini 99,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida joriy yil ilk bor “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazildi. Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan mazkur tanlov 3 bosqichda o‘tkazildi. Unda Respublika bo‘ylab 46 ming nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etdi. Ulardan 208 nafar pedagog g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 208 ta tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 616 million so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) pul mukofoti bila taqdirlandi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagoglar soni va ularning malaka darajasi ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi jami pedagoglar soni 58,4 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 179,5 ming nafarga yetdi. 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 118 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 13 ming 779 ta, 1 100 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 42 ming 790 ta, jami 56 ming 569 ta yangi bola o‘rni yaratildi.
Joriy yilda 768 ta maktabda (shundan 36 ta yangi qurilish, 502 ta rekonstruksiya va 230 ta mukammal ta’mirlash) qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar natijasida maktablarda 181,2 ming yangi o‘quv o‘rinlari yaratilishi, mavjud 203,3 ming o‘rinli binolar mukammal ta’mirlanishiga erishiladi.
PISA 2025 xalqaro baholash dasturida mamlakatimizdan xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchisi tadqiqotda ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni, raqamli dunyoda o‘rganish bo‘yicha 402,4 ball qayd etib, 72-o‘rinni egalladi.
[photobank-31729]
Mamlakatimiz yoshlari joriy yilda 5 ta nufuzli xalqaro olimpiadada 20 ta (1 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza) medalni qo‘lga kiritishdi. Natijada iqtidorli o‘quvchilarimizning xalqaro ilm maydonida so‘nggi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichi 5 baravarga oshib, tarixiy natija qayd etildi. 2026-yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz tomonidan 28 ta nufuzli, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda jami 228 ta (38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi medal qo‘lga kiritdi. Bu natijalar mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tizimli tayyorlash, g‘olib o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini munosib rag‘batlantirish sharoitlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va o‘qitish yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2025-2026 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 400 ta maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etildi. Mazkur maktablardagi 1018 ta 10-11-sinflarda ta’lim olayotgan 23 303 nafar o‘quvchilar tanlov asosida 2 ta yo‘nalishda ishchi hamda axborot texnologiyalariga oid kasb-hunarlarga o‘qitildi.
Shuningdek, 400 ta maktabga kasbiy ta’lim ustasi lavozimi joriy etildi. 2025-2026 o‘quv yili yakunida kasb-hunar o‘rgangan 9 386 nafar 11-sinf bitiruvchilariga elektron kasbiy sertifikatlar berildi. 2026-2027 o‘quv yilida respublikamizdagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritish uchun 40 dan ortiq xorijiy davlatdan 1 400 nafardan ortiq xorijiy mutaxassis kelgan. Mazkur xorijlik mutaxassislar vazirlik tizimidagi umumta’lim maktablarida ingliz, koreys, fransuz, xitoy, nemis, yapon tillari bo‘yicha tahsil berishmoqda.
- Ustozlari ardoqlangan shunday yurtda mehnat qilish o‘qituvchiga ilhom, rag‘bat bag‘ishlaydi, - dedi O‘zbekiston Qahramoni, Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi Ibn Sino nomli 5-maktab direktori Anorxon Mahmudova. – O‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor jamiyat, mamlakat ravnaqida o‘zining yuksak natijalarini namoyon etmoqda.
Tantanali tadbirda Vatanimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, ustozlarga hurmat va ehtiromni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari