Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida maktab ta’limi tizimida ham salmoqli yutuqlarga erishildi. Bu yutuqlar ta’limni jahon andozalari darajasiga olib chiqish, har jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, mamlakatimizda o‘qituvchilik kasbining mavqeini yuksaltirishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatli. Bu yutuqlar garchi bisyor bo‘lsa-da, biz ularning 35 tasini keltirmoqdamiz:
1. 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimi qayta joriy etildi.
2. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilib, maktabga tayyorlov va umumiy ta’limni yagona tizim asosida rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi.
3. Maktabgacha ta’lim qamrovi sezilarli oshirilib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 78 foizga yetkazildi.

4. Iqtidorli bolalarni aniqlash va ular bilan tizimli ishlash tizimi kuchaytirildi.
5.O‘quvchilarni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida STEM, IT, robototexnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi.
6. Yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, zamonaviy ta’lim shakllari va prinsiplari huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
7.Zamonaviy maktablar qurish, mavjud maktablarni rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari keng ko‘lamda amalga oshirildi.
8. Maktab o‘quvchilarini tashish uchun “Maktab avtobusi” kabi transport xizmatlarini tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

9. Elektron kundalik tizimi joriy qilinib, ta’lim jarayonini raqamlashtirish va shaffoflikni oshirishga xizmat qildi.
10. Prezident maktablari tashkil etildi va respublika hududlarida ularning tarmog‘i shakllantirildi.
11. Ijod va san’atga ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i yaratildi.
12. O‘zbekistonlik o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalaridagi natijalari sezilarli darajada oshdi.

13. Xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning ustozlarini katta miqdordagi pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish tizimi kuchaytirildi.
14. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.
15. Maktab ta’limi tizimida majburiy mehnatga chek qo‘yilib, o‘qituvchilarni paxta va boshqa majburiy jamoat ishlariga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydigan huquqiy mexanizmlar kuchaytirildi.

16. Pedagoglar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi takomillashtirilib, o‘qituvchilarning ish haqi sezilarli oshirildi.
17. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, o‘qituvchilarning huquq va kafolatlari qonun darajasida mustahkamlandi.
18. Direktorlar jamg‘armasi orqali faol va yuqori natija ko‘rsatayotgan pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etildi.
19. Tegishli milliy va xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga sertifikat turi va darajasiga qarab qonunchilikda belgilangan miqdorda har oylik ustamalar to‘lanmoqda.
20. O‘zbekiston ilk bor PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro ta’lim sifatini baholash dasturlarida ishtirok etdi.

21. Ta’lim tizimida o‘quvchilarning faqat bilimni yodlash emas, balki mantiqiy va tanqidiy fikrlash, bilimlarni amaliyotda qo‘llashga asoslangan kompetensiyalarini rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi.
22. Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda xalqaro ta’lim dasturlari hamda xorijiy darsliklar asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
23. Maktablarda o‘quvchilarning xorijiy tillarni bilish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

24. Yuqori sinf o‘quvchilarini maktabning o‘zida kasbga yo‘naltirish va kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etildi.
25.Respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari uchun oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli, jumladan belgilangan holatlarda imtihonsiz qabul qilish imkoniyatlari kengaytirildi.
25. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi mustaqillik yillarida bir necha barobar oshdi.
26. Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etildi.
27. Umumiy o‘rta ta’limdan keyin texnikumlarda kasb-hunar egallash va ta’limni davom ettirishning yangi tizimi shakllantirildi.
28.Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida hujjat topshirish va ariza berishning onlayn shakli keng joriy etildi.

29.Imkoniyati cheklangan bolalarning umumta’lim maktablarida tengdoshlari bilan birga ta’lim olishi uchun inklyuziv ta’lim sharoitlari yaratilmoqda.
30. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul darsliklar bilan ta’minlanmoqda.
31. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi o‘tkazilib, g‘olib va sovrindor maktablar pul mukofotlari, respublika bosqichi g‘oliblari esa xorijga ta’lim sayohatlari bilan rag‘batlantirilmoqda.
33. Nodavlat ta’lim sektori rivojlanib, xususiy maktablar tarmog‘i kengaydi.

34.Maktablarda yangi avlod darsliklari va o‘quv-metodik materiallarini yaratish va joriy etish tizimi yangilandi.
35.Maktab ta’limida o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi rag‘batlantirish tizimlari — oltin va kumush medallar, olimpiada va boshqa tanlovlar g‘oliblarini rag‘batlantirish amaliyoti kengaytirildi.
Ta’limga sarmoya kelajakka sarmoyadir. Bu boradagi yutuqlarning barchasi «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi», degan ezgu g‘oyaning amaldagi yorqin ifodasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri