Yangi O‘zbekiston keng imkoniyatlar mamlakatiga aylanadi
Navoiy davlat konchilik instituti Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javoblari asosida tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” nomli suhbati mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy davlat konchilik instituti vakillari ishtirok etgan davra suhbatida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ijtimoiy sohani yuksaltirish, jamiyatning ijtimoiy ahvolini yanada yaxshilash orqali odamlarni rozi qilish siyosati olib borilayotganligini ta’kidladi.

Ma’lumki, mamlakatimiz tarixidagi so‘nggi besh yillikda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Davlatimiz rahbari o‘z intervyusida olib borilayotgan islohotlarda har bir tizim rahbarining vazifasi, pozitsiyasi qayerda ekanligini aniq ko‘rsatib berdi. Shuningdek, olib borilayotgan siyosat va tashabbuslar zamirida xalq manfaati, farovonligi, ijtimoiy-siyosiy himoyasi, xotin-qizlar, yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlar mujassamligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.

– Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko‘proq his etmoqdamiz. Bunda ma’naviyat targ‘ibotchilari va yoshlar yetakchilari hamda professor-o‘qituvchilarimiz faol bo‘lishi, xalqimizga namuna bo‘lib, davra suhbatida bayon etilgan fikrlarni puxta anglashi va uni xalqimizga tushuntirishi kerak, – dedi NKMK bosh direktori maslahatchisi Xolmamat Raupov.

Tadbir davomida davlat rahbarining intervyusida Prezidentimizning yagona maqsadi Yangi O‘zbekistonni tinch va farovon yurt, imkoniyatlar mamlakatiga aylantirish ekanligi ochiq bayon etilganligi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA