Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq, barcha soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishilmoqda. “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi yangilanish jarayoni mohiyatini aholiga yetkazish, erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etish, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta.

Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol” mavzusida qizg‘in ruhda o‘tgan davra suhbati 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, bir guruh jurnalistlar, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

Davra suhbati doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik va oshkoralik siyosati, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishga qo‘shayotgan munosib hissasi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
N.Usmonova, O‘zA