Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami munosabati bilan yurtimizda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda bugungi Yangi O‘zbekistonimizning jamoliyu kamoli, barcha jabhalardagi islohot va yangilanishlar, ularning tarixiy natijalari yaqqol aks etmoqda.
Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami katta quvonch va tantanalar bilan boshlanmoqda. Bu quvonch xalqimizning baxtiyor qiyofasida, nuroniylarimizning nurli siymolarida aks etmoqda. Eng muhimi, bayram tantanalarini tinch va osoyishta muhitda nishonlayotganimizning o‘zi ulkan saodat.
Bu shukuhli kunlarda barcha jabhalardagi ortga qaytmas islohotlarimiz “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgani xalqimizning kundan-kunga farovon bo‘lib borayotgan hayotida aks etmoqda. Mustaqilligimizni mustahkamlashdek ezgu harakatlarda yurtimiz nuroniylari alohida g‘ayrat bilan barchaga namuna bo‘lmoqdalar.

Bugunning nuroniylari 9-10 yil avvalgi keksa avlod vakillaridan keskin farq qiladi. Keksa avlod vakillari pensiya yoshiga yetgach, o‘zlarini jamiyat hayotiga keraksizdek his etgan davrlar ham bo‘ldi. O‘sha davrlarda “Nuroniy” jamg‘armasi faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bilangina shug‘ullangan bo‘lsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 28 dekabrdagi Farmoni bilan keksa avlod vakillarining jamiyat hayotidagi ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildiki, bu e’tibor nuroniylarga juda katta quvonch, g‘ayrat va qanot bag‘ishladi.
Bugun ular jamiyatimiz hayotida faol va tashabbuskordir. Mahallalar va oilalar tinch-totuvligi, hamjihatligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yosh avlod tarbiyasida Prezidentimizning nuroniylarga bildirayotgan yuksak ishonchi ularni g‘ayratlantirib yubordi, desam aslo mubolag‘a emas.
Jamiyatimizning qaysi jabhasiga kirib bormang, u yerda albatta, faol nuroniylarni ko‘rasiz. Qaysi biri yoshlar qo‘lidan yetaklab, ularni hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashayotgan bo‘lsa, yana boshqasi mahallalardagi tomorqalarda kambag‘al oila a’zolariga yer ilmini, bog‘bonlik, dehqonchilik sirlarini o‘rgatmoqda. Boshqa biri kambag‘al oilalar vakillarining hayotini yaxshilash uchun mahalladagi hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ish olib borayotgan bo‘lsa, yana kimdir oilalardagi notinch muhitni sog‘lomlashtirishga urinmoqda.
Aksariyat nuroniylar va buvijonlarni esa bog‘chayu maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida, mahalla fuqarolar yig‘inlarida odamiylik saboqlarini o‘tayotganida uchratasiz. Ayrimlari tashkilotlar, ishlab chiqarish joylari, sog‘liqni saqlash punktlari, savdo rastalarida yurib, xalqimizning ijtimoiy muammolarini o‘rganib, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘ymoqda. Odamlar bilan suhbatlashib, kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga takliflar kiritmoqda.
Bundan anglashiladiki, bugun faol nuroniylar chin ma’noda jamiyatning qalbi, urib turgan yuragini aks ettiruvchi, jamiyatni butun bo‘y basti bilan ko‘rsatib turuvchi ko‘zguga aylangan.
Ular orasida ziyoli targ‘ibotchilar, faylasuflar, ishlab chiqaruvchilar, hunarmandu tadbirkorlar, ijodkorlar va yana boshqa sohalarda yuqori malaka hamda tajribaga ega insonlarni uchratishimiz tabiiy. Ularning barchasi o‘z iqtidori va imkoniyatlaridan kelib chiqib, yurtboshimiz ishonchini oqlashga harakat qilmoqdalar.
Bu yuksak ishonch bilan birga, mamlakatimizda nuroniylarimizning salomatligini asrash, mazmunli umr kechirishini ta’minlash borasida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan mehr va e’tiborga muhtoj keksalarimizning holidan xabar olish, Ramazon oyida iftorlik dasturxonlari yozilib, ularni e’zozlash, mahalliy hokimliklar va tashkilotlar bilan hamkorlikda bayram, tug‘ilgan kun va yubileylarida ularga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish an’anaga aylanib ulgurdi.
Prezidentimizning maxsus farmoni bilan har yili may oyida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylariga bir martalik moddiy rag‘batlantirish berilayotgani, ular uchun bepul dori-darmonlar ajratilib, tibbiy va ijtimoiy beminnat xizmat ko‘rsatilayotgani, mamlakatimiz hududidagi sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berilayotgani tufayli mamlakatimizda yoshi ulug‘lar e’zozli keksalik gashtini surib, 100 yoshdan oshayotgan nuroniylarimiz soni ortib bormoqda.
Shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida uzoq yillar xizmat qilgan, bugungi kunda ham o‘zlarining jonkuyarligi tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan nuroniylarning mehnatlari yuksak e’tirof etilib, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanayotgani, har yili “Keksalar haftaligi”, “Keksalar salomatligi oyligi”, “Keksalar turizm oyligi” muntazam o‘tkazib kelinayotgani ham yurtimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’zoz-ehtiromning yuksak namunasidir.
Endilikda nuroniylar kecha tinim bilmay ishlab, bugun nafaqaga chiqib, bir chetda o‘tirgan insonlar emas, balki ular keksalik nafaqasiga chiqqandan keyin ham “Haqiqiy shijoat va matonat fasliga kirgan” faol nuroniy otaxonu onaxonlardir. Ularning zimmasida elu yurt ravnaqi, yosh avlod kamoliga munosib hissa qo‘shishdek ulkan ishonch va mas’uliyat yuki bor. Bu mas’uliyat — davlat va xalq umidi, Prezident ishonchidir.
Shubhasizki, biz — nuroniylarning ushbu ezgu va xayrli faoliyatimiz uchun Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2024 yil 25 noyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari hayotbaxsh zamin vazifasini o‘tamoqda.
Yuqoridagi hujjatlarga asosan yurtimizdagi faol nuroniy otaxonu onaxonlar yosh va o‘rta avlod vakillari bilan birga qizg‘in faoliyat olib bormoqdalar. Bu borada gap ketganda, “Nuroniylar — har bir oilaga mas’ul” loyihasini alohida qayd etib o‘tish joiz. Ayni tamoyil asosida 18 mingdan ziyod nuroniylar muammoli oilalarga biriktirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida olib borilgan tushuntirish targ‘ibot ishlari natijasida 20 mingdan ortiq oilalar muammoli oilalar toifasidan chiqarildi. 11 ming 600 dan ortiq ajrimlarning oldi olindi, 3 ming 500 ga yaqin oilalar yarashtirildi.
Oilalar ahilligi va totuvligini asrash, farzandlarimizni to‘laqonli baxt-saodatli oilada yuksak bilim-salohiyatli bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash borasida garchi, davlatimiz tomonidan yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsa-da, hali o‘z oilasini muammolar girdobiga tashlayotgan hamyurtlarimiz bor. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlar hali ham davom etmoqda va bugungi kunda nogiron tug‘ilayotgan bolalarning 80 foizi xuddi shunday nikohlardan tug‘ilmoqda.
“Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” loyihasini ham bugungi kunda jamiyatimizdagi eng og‘riqli masalalarga yechim topayotgan tashabbuslardan biri, deyish mumkin. Ushbu tajriba nuroniylar va yoshlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. 2024 yilda 13 ming 588 nafar nuroniy 117 ming 588 nafar yoshlar bilan shug‘ullanib, 116 ming 105 nafar yoshlarni muammoli yoshlar toifasidan chiqarishgan edi.
Joriy yilda mazkur tamoyil asosida mamlakatimizning barcha mahallalarida hayotiy tajribaga ega bo‘lgan va zamonaviy fikrlaydigan 16 mingdan ziyod nuroniylar 85 ming 198 nafar uyushmagan va 68 ming 144 nafar muammoli yoshlarga biriktirildi. Olib borilgan ishlar natijasida o‘tgan davr mobaynida 18 ming 500 nafardan ortiq muammoli yoshlar ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 20 ming 500 nafardan ortig‘i kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirildi. 61 ming 875 nafar yoshlar muammoli yoshlar toifasidan chiqarildi. Bu shunchaki raqamlar emas, ularning ortida ming-minglab taqdirlar borligini aslo unutmasligimiz lozim, albatta.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini samarali amalga oshirishda faol nuroniylar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Har bir mahallada aholi orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, namunali hayot tarzi bilan ibrat bo‘lib kelayotgan keksa avlod vakillaridan uch nafari tanlab olinib, ularning har biriga 6 oy muddatga 5 nafardan kambag‘al oila biriktirilmoqda.
Mahallalarimizda keksa bog‘bon, usta dehqon nuroniylarimiz juda ko‘p. Faol nuroniylarimiz ana shunday yetuk mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, aholiga o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, daromadli ekin ekish, parvarishlash hamda hosil olishda yaqin ko‘makchiga aylanib, o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarni kambag‘allikdan chiqarmoqdalar, daromadli qilmoqdalar.
Nuroniylarning jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish haqida gap ketar ekan, keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish ham alohida vazifalar sirasiga kiradi. Shuning uchun yurtimizda nuroniylar o‘rtasida “G‘ayratli keksalar” shiori ostida sportning shaxmat-shashka, mini-futbol, kurash, velosport kabi turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan bellashuvlar o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar ularning salomatliklarini yanada mustahkamlab, umrlariga umr qo‘shmoqda.
Mazkur tashabbuslar bilan bir qatorda, “Ustoz-shogird”, “Qo‘sha qarish saodati”, “Salomatlik sari 5 ming qadam”, “O‘z uyingni o‘zing asra!”, “Mening mahallam — jinoyatchilikdan xoli hudud”, “Oilam — mening baxtim”, “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Otalar choyxonasi”, “Buvijonlar maktabi” kabi mavzularda tashkil etilayotgan tadbirlar ham borki, ularda ishtirok etayotgan yosh va o‘rta avlod vakillari yoshi ulug‘ nuroniy otaxonu onaxonlardan chinakam insoniylik saboqlarini tinglab, o‘z maqsad hamda harakat yo‘nalishlarini aniq belgilab olmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab, yangi O‘zbekistonda zamonaviy, namunali oilalarni shakllantirish, ularning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash bo‘yicha maqsadli ishlarni olib borish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shunga ko‘ra, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi mas’ulligida tashkil etilgan Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlari bugungi kunda oilalarni mustahkamlash, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, erta turmush, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh va oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida izchil tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Yaqinda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida nuroniylar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlar, xotin-qizlar orasidagi jinoyatchilikning oldini olish borasida hamda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish va yurtimizda faoliyat yuritayotgan “Oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlari” ishining tahliliy muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda “Mamlakatimizda oilalar tinch, farovon yashashi, ularning bag‘rida kamolga yetayotgan ertamiz egalari — farzandlarimizning har tomonlama baxtiyor o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan bo‘lsa-da, nega oilaviy ajrimlar ko‘paymoqda, nega notinch oilalar soni ortmoqda, degan savollar o‘rtaga tashlandi.
O‘zaro tahlil va muhokamalar asosida, bu boradagi ishlarni jonlantirish, xususan, oilalarni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni saqlash, xonadonlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida, joriy yilning sentyabr oyini — “Oilaviy ajrimlarning oldini olish va ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish dolzarb oyligi” sifatida belgilash tashabbusi ilgari surildi.
Mazkur taklif ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Hozirda ushbu oylikni yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan tegishli dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish ustida ishlanmoqda.
Yurt go‘zalligi va musaffoligini ta’minlaydigan yagona ma’vo — bu yashil maskanu makonlar. Yurtboshimiz bu borada mamlakatimiz nuroniy otaxonu onaxonlariga ham yuksak ishonch bildirganlar.
Shunga ko‘ra, yurtimiz faxriylari xonadonlarda, ko‘cha-yu mahallalarda, qishloq va shahar markazlarida yashil makonlarni barpo etish, ularni parvarishlash, kamolga yetkazish ustida turli tashabbuslarni ilgari surmoqdalar. Bu borada “mahalla yettiligi”, mahalliy hokimlik mutasaddilari, aloqador tashkilot va muassasalarning mas’ul vakillari bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib bormoqdalar.
Donolar aytganidek, yutuqlar o‘zimizniki, bizni birinchi galda hal etilmagan muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qiziqtirishi kerak, avvalo. Negaki, vaqtida yechilmagan muammo o‘z ortidan yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Bu esa el-yurt farovonligini ta’minlash, xalqimizni hayotdan rozi qilishdek xayrli hamda savobli yumushlarni to‘laqonli ado etishda monelik qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari, yurtimiz nuroniy otaxonu onaxonlari oldida hali yana ado etilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar turibdi. Ularni, albatta, ulkan ishonch va mas’uliyat ruhida ijro etish uchun keksalarimizning kuch-qudrati ham, tajribasi ham, himmati ham yetadi. Muhimi, bizga davlatimiz va hukumatimiz qanot, yaqin ko‘makdosh va suyanch bo‘lib turibdi. Zero, nuroniylar Yangi O‘zbekiston islohotlarini amalga oshirishda oldingi safda ekanidan g‘oyat mamnun va baxtiyordirlar.
Sodiqjon Turdiyev,
“Nuroniy” jamg‘armasi
respublika Boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Qahramoni, Senator