Yaxshini yaxshi, deyish, borini boricha e’tirof etish ham bir fazilat. Shu ma’noda mamlakatimizda bundan besh yil avval nashr etila boshlangan “Yangi O‘zbekiston” gazetasini yangilanib borayotgan Vatanimizning media makondagi o‘ziga xos tashrif qog‘ozi, yurtimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlarning jarchisi, ko‘zgusi, deyish mumkin.
Aytish kerakki, bugungi matbuot, milliy media tizimi bundan sakkiz-to‘qqiz yil oldingisidan osmon bilan yercha farqlanadi. Jamiyatda kechayotgan barcha jarayonlar, odamlarning fikr-mulohazalari, takliflari, ularni o‘ylantirayotgan muammo va kamchiliklar ochiq-oshkora matbuot sahifalarida o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratildi. Fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, axborotlashgan jamiyat barpo etish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarning natijalarini, mamlakatimiz hamda dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni keng jamoatchilikka tezkor va xolis yetkazishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar ishga solinmoqda.
Ana shu harakatlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligida 2020 yil 25 yanvardan boshlab «Yangi O‘zbekiston» gazetasi chop etila boshlandi.
Mazkur nashrning ustuvor yo‘nalishlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyati, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz hayoti farovonligini oshirish, xalqaro maydonda Vatanimizning obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishdagi siyosatini, uning natijalarini keng yoritish, shuningdek, hukumat faoliyati, uning yaqin kelajakka va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi, uni amalga oshirish jarayonlari hamda natijalari to‘g‘risida tahliliy maqolalar e’lon qilib borish belgilangan.
Bundan besh yil muqaddam chop etilgan “Yangi O‘zbekiston” gazetasining ilk sonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, shuningdek, gazeta jamoasiga tabrigi e’lon qilingan edi.
Gazeta tahririyatiga yo‘llangan ushbu tabrik mana oradan besh yil o‘tsa hamki, “Yangi O‘zbekiston” tahririyatining ijodiy jamoasi uchun o‘ziga xos harakat dasturi vazifasini o‘tamoqda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi yurtimizning keng jamoatchiligi, xalqimiz uchun o‘ziga xos media platformaga aylandi. Yurtimizda kechayotgan barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlar mazkur nashrda tezkor, teran tahliliy asosda, keng qamrovli, o‘quvchini mushohadaga undaydigan tarzda yoritib borilmoqda. Ayni damda “Yangi O‘zbekiston” mamlakatimiz bosma nashrlari orasida eng peshqadam, zamonaviy, ishchan ruhdagi, xalqchil yondashuvdagi nashrga aylandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mazkur nashr bosh muharriri bilan suhbatlari hamyurtlarimiz va xalqaro miqyosda hamisha katta e’tibor va qiziqish uyg‘otadi. Negaki, ushbu suhbatlarda bugun o‘zining ochiq, pragmatik, o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati bilan jahonda mustahkam o‘rni va pozitsiyasiga, mavqei va obro‘siga ega bo‘layotgan Yangi O‘zbekistonning tomir urishini, nafasini, undagi muhitni, barcha jarayonlarni o‘quvchi anglamoqda, sezmoqda, yurakdan his etmoqda.
Gazetadagi materiallar zamonaviy jurnalistikaning barcha janr va yo‘nalishlarida, ilg‘or texnologiyalarni faol qo‘llagan holda yoritilayotgani uning jozibadorligi, o‘qimishliligini yanada oshirmoqda. “Yangi O‘zbekiston” gazetasidagi ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, ta’lim, fan va innovatsiyalar, san’at va madaniyat, adabiyot, xalqaro hayotga doir rang-barang materiallar mavzu, mazmun, geografiya, yondashuv jihatdan betakror. Bu esa mazkur nashr tarkibida katta tajribaga ega bo‘lgan, ahil, hamfikr, o‘zaro birdam, yakdil ijodiy jamoa shakllanganidan darak beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi yangilanayotgan Vatanimizning dadil ovozi, yuz-ko‘ziga aylanib ulgurgan nashrdir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri