Yangi O‘zbekiston elektron raqamli imzo sari
Virtual olamdan samarali va milliy manfaatlarga xizmat qilgan holda foydalanish davlat taraqqiyotiga sabab bo‘lishi yoki salbiy holat yuz bersa, xalq tanazzulga yuz tutishi hech gap emas.
Bunday xavfli ijtimoiy voqelikning oldini olishda «drayver»ga aylanuvchi normativ-huquqiy hujjatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ana shunday hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha yagona elektron tizim «project.gov.uz» saytiga joylashtirilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Natijada kelib tushgan taklif va e’tirozlar ko‘rib chiqilib, hujjat loyihasiga kiritildi va takomillashtirildi. Yaqinda parlamentning quyi palatasida ushbu qonun loyihasi dastlabki o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» асариda elektron raqamli imzo (ERI) bilan ishlash tizimini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biri ekanligiga to‘xtalib, «Biz shu asnoda O‘zbekistonni innovatsion, zamonaviy va samarali davlatga aylantiramiz», deb da’vat etgani bejiz emas.
Shu nuqtai nazardan mazkur qonun loyihasini tahlil qilishda uning quyidagi jihatlarini qayd etish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish ta’minlanadi. Darhaqiqat, globallashuv jarayonidagi O‘zbekistonning so‘nggi 5-6 yillarda olib borilayotgan tizimli islohotlar barcha jabhalar, xususan, ijtimoiy, iqtisodiy va axborot sohalariga ta’sir ko‘rsatib, aholi dunyoqarashi, uning turmush tarzini o‘zgartirdi. Bunda shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash, transchegaraviy axborot aloqasi jarayonida elektron hujjatlar, xabarlar ishonchliligi va butun saqlanganligi kafolatini undagi ERIni tekshirish orqali ta’minlash bo‘yicha ishonchli uchinchi tomon xizmatlarini ko‘rsatish uchun axborot vositasi sifatida tashkil etish davr talabiga aylandi.
Ikkinchidan, axborotlashgan jamiyatda ommaviy kommunikatsiyalar takomillashuvi natijasida faqat birlamchi manbadan foydalanish kuchayadi. Ya’ni ishonchli manbadan axborot olish va xalqaro elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanish jamoatchilikni to‘g‘ri xulosa chiqarishda yordam berishiga xizmat qiladi. Shu bois bugungi kunda mamlakatimizda xorijiy elektron raqamli imzoni tan olish, o‘z navbatida, O‘zbekiston ERIsini chet elda tan olish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi norma mavjud emas. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida mazkur qonun loyihasida imzolangan elektron hujjatni qo‘lda tasdiqlangan imzo va muhr bilan imzolangan qog‘oz hujjatiga teng, deb tan olish belgilab qo‘yilmoqda.
Uchinchidan, elektron raqamli imzoning yuridik ta’siri va ahamiyati kuchaymoqda. Hozirgi modernizatsiya jarayonida shaxs, jamiyat va davlatda axborot texnologiyalaridan bevosita va bilvosita foydalanishga talab va ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Bunda elektron hujjatlar va ERIlardan foydalanish ko‘lami kengayishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish talab etilmoqda Xususan, ERI imzo yopiq kaliti egasi sifatida jismoniy shaxslar qatori yuridik shaxs ham belgilanmoqda. O‘z navbatida, yuridik shaxs ERI kalitlaridan axborot tizimlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatish va davlat vazifalarini bajarishda faqat ERIni avtomatik tarzda yaratish uchun foydalanishi shart bo‘ladi.
To‘rtinchidan, yangi ijtimoiy voqelik, ya’ni ERI kalitlarini berish faqat elektron hujjat shaklida belgilanadi. Boshqacha aytganda, loyihada ERI kalitlari sertifikatlarini qog‘oz ko‘rinishida berishdan voz kechib, foydalanuvchilarga ERI kalitlarini berish jarayonini soddalashtirish va tezlatishga qaratilgan. E’tiborli jihati qonun loyihasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi (ID-kartalar)da foydalanish uchun ERIlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘zgarishlar ishtirokchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro qaytma aloqalarning takomillashuvi natijasida turli rasmiy axborot tarqatish imkoni kengayadi va asossiz moliyaviy xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Xususan, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ERI berish imkoni yaratilmoqda. Shuningdek, xorijdagi fuqarolar, jumladan, mehnat migrantlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Beshinchidan, ushbu qonun loyihasi mamlakatimizning xalqaro imijini oshirishga xizmat qiladi. Bunda nafaqat davlat organlarining o‘z ixtiyorida bo‘lgan axborot almashish maqsadida idoralararo o‘zaro elektron hamkorlikda davlat organlariga yuklangan vazifalarni bajarishda ichki tizimlar (internet)da ishlashni takomillashtiradi, balki xalqaro hujjatlar almashish va elektron raqamli imzodan foydalanishda yuzaga keladigan turli to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Natijada ERI va elektron hujjat aylanishidan foydalanish ko‘lami kengayib, xorijiy davlatlar bilan elektron hujjatlar almashinuvi tizimlarini integratsiyalash, elektron raqamli imzolar haqiqiyligini tasdiqlash, elektron hujjat o‘xshashligi va uning yaxlitligi bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining ishonchli uchinchi tomon xizmati joriy etiladi.
Hozirda «imzo» so‘zini elektron tarzda idrok etishda yakdil to‘xtam mavjud emas. Ya’ni, ushbu so‘z huquqiy jihatdan «elektron raqamli imzo», «elektron imzo» yoki «raqamli imzo» tarzida ham ifodalanmoqda. Masalan, Koreya Respublikasining «Raqamli imzo to‘g‘risida», Rossiya Federatsiyasining «Elektron imzo to‘g‘risida», AQSHning «Global va milliy tijoratda elektron imzolar (ESIGN)», Qirg‘izistonning «Elektron imzo to‘g‘risida», Belarusning «Elektron hujjat va elektron raqamli imzo to‘g‘risida», Qozog‘istonning «Elektron hujjat va elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunlari fikrimiz dalilidir. Mazkur qonun loyihasi bilan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzo vositalaridan, ya’ni xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan ERI–RSA kalitlari sertifikatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ERI kalitlari sertifikatlarida jismoniy va yuridik shaxslarning yagona identifikatorlarini ko‘rsatish tavsiya etilyapti.
Yuqoridagi xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda mazkur qonun loyihasida «vaqt shtampi – elektron raqamli imzo bilan imzolangan, imzolanayotgan axborotga bevosita aloqador va imzolanayotgan hujjatning ko‘rsatilgan vaqtda mavjudligini tasdiqlovchi elektron hujjat shakli» qayd etilgan. Biroq, hozirda ERI bilan imzolangan hujjat ushbu ERI kaliti sertifikati muddati tugagandan so‘ng, o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bunda ERI qachon yaratilganligini, ya’ni sertifikat amal qilgan davrdami yoki uning muddati tugagandan so‘ngmi aniqlab bo‘lmaydi. Imzolangan hujjatda vaqt shtampining mavjudligi esa ERIning amal qilish muddatini uzaytirish imkonini berib, vaqt shtampi qo‘yilgan ERIning uning sertifikati bekor qilingunga yoki qaytarib olingunga qadar yaratilganligini tasdiqlaydi.
Loyihada xalqaro tajribadan kelib chiqib, ro‘yxatga olish markazini akkreditatsiyadan o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi qonun qabul qilishning samarali mexanizmini joriy etish hisoblanadi. Natijada ushbu loyihada ro‘yxatga olish markazini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish o‘rniga akkreditatsiyadan o‘tkazish amaliyoti bilan almashtirilmoqda.
Hozirgi kunda xorijiy tajribada ishonchli saqlash (Adobe Sign) tizimi (bulutli texnologiyalar)dan foydalangan holda ERIni shakllantirish xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Mazkur qonun loyihasida markazlashgan holda ishonchli saqlash (bulutli texnologiya) tizimidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu holat davlat xizmatlarini olish, hisobotlarni topshirish uchun ERI vositalaridan foydalanish, ERI kalitlarini xavfsiz saqlanishi va ularda foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash uchun ishonchli saqlash tizimi (bulutli texnologiyalar)ni joriy etish imkonini yaratadi.
Darhaqiqat, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonun loyihasi takomillashuvi Yangi O‘zbekistonning axborotlashgan jamiyatga o‘tish jarayoni jadallashuvida «Elektron parlament», «Elektron hukumat» va «Elektron sud» tizimi to‘liq joriy etilishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. bugungi kunda dunyo aholisining aksariyati Internet tarmog‘idan foydalanishi turli xalqlar turmush tarzi, madaniyati, urf-odat va qadriyatlari transformatsiyalashib bormoqda. Bunday o‘zgaruvchan axborot maydonida o‘zlikni asrash, milliy qadriyat va madaniyatni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodga bezavol yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Davlatimiz rahbarining «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirishda ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonning transformatsiyalashuv jarayonida milliy standartlar asosida ishlab chiqilgan ERI vositalaridan maqsadli, tizimli va samarali foydalanish orqali natijadorlikka erishishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqiljon ABDUAZIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Rahbariyat huzuridagi kotibiyati katta referenti, Sotsiologiya fanlari doktori