Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Ma’rifat soati” tashkil etildi.

Viloyat faxriylar kengashi a’zolari, Navoiy shahar Mudofaa ishlari bo‘limi faxriylari, harbiy qismda xizmat qilayotgan yoshlar, kasaba uyushmasi faollari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimini isloh qilish va uning qudratini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, yurtimiz tinchligi va osmonimiz musaffoligini ta’minlayotgan harbiylar hayoti, ular uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida so‘z yuritildi.

– Bugungi kunda biz harbiy xizmatni o‘tashimiz uchun barcha sharoit yaratib berilgan, – deydi oddiy askar Mansur Jo‘rayev. – Yaqindagina harbiy qismimizda onalarimiz bilan uchrashdik. Bizga yaratib berilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishib, xursand bo‘lishdi. Biz– harbiy askarlar yurtimiz farovonligi va Vatanimiz tinchligi yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga doimo tayyormiz!

Bayram munosabati bilan bir guruh faxriylarga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Harbiy orkestr sadolari ostida yangragan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri