Yangi o‘quv yili yangi orzular bilan boshlandi
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 762 ta umumta’lim maktabida yangi o‘quv yili mashg‘ulotlari boshlandi. Joriy o‘quv yilida maktablarda jami 596 ming 803 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida viloyatdagi 18 maktabda qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, 4 ta yangi maktab barpo etilmoqda.
Paxtaobod tumani Hayotbaxsh mahallasida joylashgan 38-umumta’lim maktabi 310 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu sig‘im hududda istiqomat qiluvchi maktab yoshidagi bolalarni ta’lim bilan to‘liq qamrab olish imkoniga ega emas edi. Shu sababli investitsiya dasturi asosida maktabga 300 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Maktab jamoasi, o‘quvchi yoshlar, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda yoshlarga, ularning o‘qishi, bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-8665]
Mustaqillik bayrami shukuhi bilan uyg‘unlashib ketgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida so‘z olganlar yoshlarni yangi o‘quv yili va yangi bino bilan tabriklab, ularni yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi. Asaka tumanidagi 59- umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinflari o‘quvchilari ham yangi o‘quv binosida mashg‘ulotlarini boshladi. Yangi, 660 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 7,5 milliard so‘m teng loyiha doirasida barpo etildi. Yangi binoda zamonaviy, keng va yorug‘ sinf xonalari, har bir xonaga qo‘l yuvish uchun joy ajratilgan, suv isitish moslamasi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilar uchun Book-cafe, tadbirlar o‘tkazish zali mavjud. Endi maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari barcha qulayliklarga ega ushbu yangi binoda tahsil oladi.
Buloqboshi tumanidagi 320 o‘ringa mo‘ljallangan 22- umumta’lim maktabi 1963 yilda qurilgan bo‘lib, o‘quvchilar 2 smenada o‘qitilar edi. Qurilganiga qariyb yetmish yil bo‘lgan mazkur maktab binosi joriy yilda investitsiya dasturiga kiritilib, loyihaviy smeta qiymati 5,5 milliard so‘mga teng loyiha doirasida kapital rekonstruksiya qilindi, sport zali qurildi. Qurilish ishlari “Netal kondir” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Endilikda 650 nafar o‘quvchi bir smenada, barcha qulayliklarga ega yangi binoda tahsil oladi.
Maktabda o‘tkazilgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida o‘quvchilar, ularning ota-onalari yaratib berilgan sharoitlar, keng imkoniyatlar uchun Prezidentimizga, mazkur xayrli ishga bosh qo‘shgan barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA