Yangi o‘quv yili – yangi muvaffaqiyatlar davrining boshlanishi
Bugun, 2-sentabr kuni mamlakatimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlangani munosabati bilan "Bilimlar kuni" tadbirlari keng nishonlanmoqda.
Xususan, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida ham 2026-2027 o‘quv yili oldidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan markazning bir guruh mutaxassislariga, murabbiylarga, sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan o‘quvchi-sportchilar markaz rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi.
Yangi o‘quv yili markaz tarbiyalanuvchilari uchun nafaqat puxta ta’lim olish, balki sport mahoratini yanada yuksaltirish, yuqori natijalarga erishish va xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishish davri ham hisoblanadi.

Tadbirda ishtirok etganlar yangi o‘quv yilida yosh va iqtidorli sportchilarni zamonaviy ta’lim hamda ilg‘or sport tayyorgarligi asosida tarbiyalash, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelajakda ulkan g‘alabalarga mustahkam zamin yaratish lozimligini ta’kidladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA