Yangi Oʻzbekistonga yangi nigohlar kerak
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi barcha Oʻzbekiston xalqini, shu jumladan, meni ham gʻurur va iftixorga toʻldirdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi barcha Oʻzbekiston xalqini, shu jumladan, meni ham gʻurur va iftixorga toʻldirdi. Dunyo hamjamiyatiga oʻzining Oʻzbek tilidagi nutqi bilan murojaat etgan yurtboshimizning soʻzlarini tinglar ekanman, bugun yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi tub oʻzgarishlarning asosiy sababchisi – fidoyi yurtboshimiz ekanligini yana bir bor anglaysan, kishi.
Maʼlumki, yurtimizning eng olis hududlarigacha boʻlgan yangilanishlar, yoshlarimizning ongu tafakkurida, qalbida kechayotgan oʻzgarishlar, ezgulik va bunyodkorlikka yoʻgʻrilganligi tillarni shukronalikka undaydi.
Bugungi kunda dunyoda kechayotgan jarayonlarga nazar tashlab, kattayu kichik mamlakatlarni tobora kengroq qamrab olayotgan bedavo dard sabab yer yuzida insoniyatning nechogʻlik chorasiz ahvolga qolib ketishi mumkinligi namoyon boʻldi. Qachonki, yakdillik va hamjihatlik ila bunga qarshi kurashilmas ekan, unga taslim boʻlish hech gap emasligi oʻz isbotini koʻrsatdi.
Mamlakatlar, xalqlarning bir-biriga koʻrsatgan insonparvarlik yordamlari sabab bu nomsiz urushga insoniyat qarshi chiqa oldi va unga matonati, sabri, bardoshi bilan javob qaytarmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, oqilona siyosat olib borayotgan yurtboshimizning saʼy-harakatlari bilan yangi Oʻzbekiston shakllanmoqda. Buni birgina jamiyatda ayollar faolligida koʻrishimiz mumkin. Ayni paytda yurtimizda minglab ayollarimiz davlat tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib bormoqda, oʻzining yakka tadbirkorligini yoʻlga qoʻyganligi, rahbarlik lavozimlarida ishlayotganligi nur ustiga aʼlo nurdir.
Hali yosh boʻlishiga qaramay siyosiy jarayonlarda oʻzining erkin fikri, qatʼiyatli ovozi bilan minbarlarda dadil soʻzlayotgan xotin-qizlarimizning nechogʻlik aql-zakovat sohibalari ekanligidan dalolatdir. Bugun yangi Oʻzbekiston – yangicha ruhiyatdagi rahbar ayollarining koʻpayayotganligidadir. Bu esa mamlakatimizda gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylanganligi, davlat boshqaruvida ularning munosib oʻrni borligining isbotidir.
Yurtboshimiz tomonidan xalqimizning har bir dardiga quloq tutyotganligini, muammolarga yechim topib berayotganligining bir qancha namunalarini koʻrishimiz mumkin. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban yurtimizdagi 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligining berilishi ham yuksak eʼtirofdandir. Barchamizning mustaqil Oʻzbekiston fuqarosi ekanimizdan, bu diyorning boyliklari, tabiati va odamlaridan quvonib, gʻururlanib yashashimiz milliy iftixor insonning qiyofasini, uning qanday narsalardan kuch va ilhom olishi, u mansub boʻlgan xalq yoki davlatning qadriyatlari, maʼnaviy saviyasini koʻrsatib turadi.
Shuningdek, bugun mamlakatimiz har tomonlama jadal surʼatlar bilan rivoj topib, kuch-qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan davlatga aylangani respublikamizda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar samarasidir. Ayniqsa, yoshlar masalasi bugun davlat siyosati darajasiga aylanganligi yosh-avlod taʼlim-tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim ahamiyatga ega boʻlib kelganidan dalolatdir. Buning yorqin ifodasi sifatida Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining izchil yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab oʻtish joiz.
Mamlakatimizda yoshlarning manfaatlarini yana-da toʻliq taʼminlashga yoʻnaltirilgan, ularning jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishini kafolatlashga xizmat qiladigan qonun va qarorlarning qabul qilinishi ularning kelajak poydevorlari ekanligidan dalolatdir. Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz uchun oʻta ogʻir va yoʻqotishlarga sabab boʻlgan kasallikka qarshi kurashayotganligimiz bilan bir qatorda yurtboshimiz yosh avlodga har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ruhiyatida yondashib, ularga mustaqilligimizni mustahkamlovchi, istiqbol taraqqiyotini taʼminlovchi maʼnaviy va ijtimoiy kuch sifatida eʼtibor qaratmoqda.
Ayni paytda ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon turmushning qadriga yetish, shu osuda hayotni yana-da mustahkamlash uchun har bir inson oʻz hissasini qoʻshib, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuygʻusini diliga jo qilib yashashi bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir. Zero, yoshlar yangi Oʻzbekistonning shakllanishida, demokratik jarayonlarni rivojlantirishda hal qiluvchi kuchga aylanishi lozim. Ularning yangicha nigohda boqishlari yangi Oʻzbekistonga zamin boʻlmogʻi darkor!
Jamshid XODJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi