Yangi Oʻzbekiston uchun yangi vazifalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini har yili jonli efir orqali kuzataman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini har yili jonli efir orqali kuzataman. Toʻgʻrisini aytsam, nahotki shuncha ishlarni davlatimiz qila olsa, degan oʻyga boraman.
Lekin, oʻzimiz hayotimizda koʻrib guvohi boʻlyabmiz, har yili Murojaatnomada koʻtarilgan barcha masalalar oʻz vaqtida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Masalan, 2018-yilgi Murojaatnomada Orol dengizining qurigan tubini “Yashil qoplama“ – oʻrmonzor qilamiz, Moʻynoqni rivojlantiramiz, degan edi. Mana, hozirda ikkinchi mavsum ishlari ketyabdiki, Orolning qurigan tubida mehnat qaynamoqda, Moʻynoq butunlay yangi shaharga aylanmoqda.
Joriy yilgi Murojaatnoma ham buyuk tashabbuslari bilan yodda qoladigan boʻldi. Yangi Oʻzbekistonning kelajagiga xizmat qiladigan muhim vazifalar qoʻyildi.
2020-yil “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi. Haqiqatdan ham bugungi kunda aholining farovon hayot koʻrishining yagona yoʻli bu ilm-fanni, maʼrifatni, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdir.
Yer osti zaxirasi qanchalik koʻp boʻlmasin, u bir kuni ado boʻladi, lekin insonning ilmi, maʼrifati bu – tuganmas xazina.
Biz, yashayotgan hozirgi raqamli dunyoda axborot eng qudratli kuchga aylangan. Kimning qoʻlida axborot boʻlsa, dunyo shuning qoʻlida. Axborot – bu boylikdir. Boylik esa ilm ortidan keladi. Bunga misol qilib, kapitali trillion dollarlar bilan oʻlchanadigan Amazon, Google, Apple, Microsoft va boshqa koʻplab korporatsiyalar nomlarini keltirish mumkin. Ularning barchasi zamirida faqat ilm va maʼrifatni koʻrish mumkin.
Bugun Prezidentimiz ana shunga koʻproq eʼtibor qaratdi. Masalan, Nukus shahridan ham IT PARK tashkil qilinishi meni juda quvontirdi. Kelajakda ana shunday ilm maskanlaridan zukko avlodlar yetishib chiqadi. Oʻzbekiston boʻyicha ming emas, million yosh tayyorlanadi, dedi Prezidentimiz.
Oliy oʻquv yurtlarining xorijiy nufuzli universitetlari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyilishi, 2020-yildan boshlab oliy oʻquv yurtlarida davlat grantlari ikki baravar koʻpaytirilishi, qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi oliy taʼlim sohasidagi tub burilish boʻladi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida Kinematografiya sohasini rivojlantirish boʻyicha ham muhim yangiliklarni taʼkidladi, jumladan davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlarini moliyalashtirishni takomillashtirish, “Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” hamda “Kinematografik toʻgʻrisida”gi qonuni ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Kino bu – millatning yuzi, mamlakatning rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi sanʼat turi. Yurtimizda milliy kino sohasi tizimini boshqarish, ishlab chiqarish, mahsulotlarni tarqatish boʻyicha aniq ishlar amalga oshirilayotir. Hozirda koʻplab davlatlar kinematografiya sohasini rivojlantirib, davlatlarini ham boy qilmoqda.
Soʻnggi 3 yil ichida Oʻzbekiston Respublikasida milliy kinematografiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. bu borada “Oʻzbekfilm”, “Qoraqalpoqfilm”, “Hujjatli filmlar studiyasi” binolarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy kino uskunalar bilan taʼminlash, kadrlar masalasi, xalqaro hamkorlik, yagona prokat markazini tashkil qilish va boshqa yutuqlarni aytishimiz mumkin.
“Qoraqalpoqkino” agentligi tomonidan Respublikamizda davlat kinosiyosatini olib borish, film va ekran asarlarini keng jamoatchilikka tarqatish, xalqaro kinofestivallar kunlarini oʻtkazish va boshqa ishlar muvaffaqiyatli boshlanib bugungi kunda katta koʻtarinkilik bilan davom etmoqda.
Bugungi Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar bizni yanada ruhlanib ishlashimizga zamin yaratdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bektileu Nizamatdinov,
“Qoraqalpoqkino” agentligi direktori