Yangi o‘quv yilini – yangi maktabda
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 24-yilligi arafasida mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy madaniy-ma’rifiy muassasalar, sport-sog‘lomlashtirish obyektlari, ta’lim maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 24-yilligi arafasida mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy madaniy-ma’rifiy muassasalar, sport-sog‘lomlashtirish obyektlari, ta’lim maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.Toshkent shahrida ham o‘n to‘qqizta umumta’lim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktab-internati kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan ushbu ta’lim muassasalarida o‘g‘il-qizlarning bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarida qurilish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi sektor mudiri Ergash Magdiyev. – Bu boradagi sa’y-harakatlar samarasida maktablar butunlay yangi qiyofa kasb etmoqda. Ular Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi o‘g‘il-qizlarimiz uchun munosib tuhfa bo‘layotir.
Shayxontohur tumanidagi 320-umumta’lim maktabida ham kapital ta’mirlash ishlari olib borilib, o‘quvchilarga yangi o‘quv yilini boshlashi uchun qulay sharoitlar yaratildi. Bunyodkorlik ishlari «Injiniring biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi.
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli farzandlarimiz barcha qulayliklarga ega bilim maskanlarida ta’lim-tarbiya olayotir, – deydi mazkur maktab direktori Nuriddin Saydullayev. – Bu ta’lim maskanimizda olib borilayotgan amaliy ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Maktabda sinfxonalar, kutubxona, sport zali, oshxona qayta ta’mirlandi. O‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan laboratoriyalar texnik jihozlandi. Shu bilan birga, bilim dargohining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xonasida yaratilgan qulay sharoit «ZiyoNET» jamoat ta’lim axborot tarmog‘idan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur maktabda ham o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish dastur asosida bosqichma-bosqich tarzda olib borilmoqda.
Yangi o‘quv yilida 130 nafar o‘g‘il-qiz mazkur maktabning 1-sinfiga qadam qo‘yadi. Ularga ilk saboqlari qulay sharoit va muhitda bo‘lishi uchun sinfxonalarni jihozlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, chet tillarni o‘qitish uchun ko‘rgazmali vositalar tayyorlandi. Bolalarning dars jarayoniga tez va oson moslashishi uchun barcha sharoit hozirlandi.
Bu kabi sa’y-harakatlar navqiron avlodni har jihatdan bilimli, teran tafakkurli, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar etib kamolga yetkazishga mustahkam zamin yaratadi.