Yangi nasos stansiyalari ishga tushirildi
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Shimoliy” kollektorning 9-xo‘jaliklararo tarmog‘ida nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Shimoliy” kollektorning 9-xo‘jaliklararo tarmog‘ida nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi.– “Varaxsha” massivi atrofida o‘ndan ortiq fermer xo‘jaligi dehqonchilik qiladi. Ularning yeri va aholi tomorqasini qo‘shib hisoblaganda, ekinzorlar maydoni 5,5 ming gektardan oshadi, – deydi “Xarxo‘r-Duoba” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zayniddin Hamdamov. – Tabiiyki, bu maydonlardagi hosildorlik yerning meliorativ holati, yerosti zax suvi sathiga bevosita bog‘liq. Zax qochirilsa, bahorda chigit va boshqa ekinlar o‘z muddatida to‘la undiriladi. Hududdagi ekinzorlarda yerosti sizot suvlari me’yorida saqlanishi uchun kollektorning zaxni qabul qilish va ravon oqish imkoniyati yuqori bo‘lishi kerak. Sekundiga 2 kubmetr suvni zovurdan 6 metr balandlikdagi “Bobohoji” kanaliga ko‘tarib berish quvvatiga ega yangi nasos stansiyasi ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Gidroinshootning yana bir o‘ziga xos jihati, u muayyan darajada irrigatsiya obyekti vazifasini ham o‘taydi. Vegetatsiya davrida, suv taqchil bo‘lgan yoki unga ehtiyoj ortganda, nasos stansiyasi uzatgan zovur suvi chuchuk suv bilan qo‘shilgan holda dalaga kanal orqali yetkaziladi. Mutaxassislarning fikricha, uning yordamida “Varaxsha” massividagi 1,5-2 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Shofirkon tumanidagi “Shimoliy Buxoro” kollektori o‘zanida ham “Chitgaron” nasos stansiyasi ishga tushirildi. Natijada 2000 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilandi.
Mazkur obyektlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining 2,7 milliard so‘m mablag‘i hisobiga “Romitandavsuvmaxsuspudratqurilish” davlat unitar korxonasi va “Buxorosuvxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.