Namanganda Navro‘z bayrami munosabati bilan bir qator ijtimoiy, iqtisodiy ob’ektlar, jumladan, Yangi Namangan tumani hokimligining ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda keyingi yillarda Namangan shahriga yangi yer maydonlari qo‘shilgani, aholi soni muttasil oshib borayotgani, viloyat markazida odamlarning turmush darajasini yaxshilash maqsadida Namangan shahri tarkibida yangi tuman tashkil etish taklifini bildirgan edi.
Davlat rahbarining ushbu tashabbusi ma’qullanib, Oliy Majlis Senatining 2021 yil 24 apreldagi “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori bilan yangi tumanga asos solindi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 maydagi qaroriga asosan Yangi Namanggan tumani tashkil etildi.
Yangi Namangan tumani hududi 8 ming 223 gektardan iborat bo‘lib, tumanda ayni paytda 146 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Namangan shahridan yangi tuman hududiga 24 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 21 ta maktab, 40 ta bolalar bog‘chasi, 2 ta oilaviy poliklinika va 12 ta shifoxona o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, mazkur hududda yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilib, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada yaxshilanmoqda. Aholi turmush darajasi yuksalishiga qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda, shu bilan birga, bandlikni ta’minlash, sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari sonini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
– “Oromgoh” dahasida bir necha yillardan beri foydalanilmay turgan sobiq oziq-ovqat kasb-hunar kolleji binosi mukammal ta’mirlanib, tuman hokimligining ma’muriy binosiga aylantirildi, – deydi Yangi Namangan tumani hokimi o‘rinbosari Sardorbek Rahimov. – Yangi binoga hokimlik apparatidan tashqari 18 ta tashkilot bir joyga jamlandi. Xususan, Prezidentning tumandagi xalq qabulxonasi, tuman davlat soliq inspeksiyasi, davlat xizmatlari markazi, tuman adliya, FXDYO, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, investitsiya, statistika, moliya, qurilish, g‘aznachilik, pensiya jamg‘armasi, aholi bandligiga ko‘maklashish, madaniyat, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari ma’muriy bino tarkibidan joy oldi. Bundan ko‘zlangan maqsad tumanimizda yashovchi fuqarolarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilish, ularni qiziqtirgan masalalarini markazlashgan holda bir joyda yechish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Bayram tadbirida Navro‘z udumlariga muvofiq hokimlik hovlisida yaxshi niyatlar ila doshqozonlarda sumalak va osh pishirildi. Yangi Namangan tumani hokimligi ma’muriy binosining tantanali ochilishi marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov va viloyat sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA