“Yangi nafas” – “Save Aral” marafonida aholi faol qatnashdi
Angren shahrida “Yangi nafas” dasturi doirasida velopoyga, ommaviy yugurish va yurish musobaqalari bo‘yicha “Save Aral” marafoni o‘tkazildi.
O‘zbekiston yengil atletika va triatlon federatsiyalari, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent viloyati va Angren shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbir Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlarni to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan respublikamizning 19 ta shahri bo‘ylab “Yangi nafas” dasturi doirasida shunday marafon va yurish bo‘yicha ommaviy tadbirlar tashkil etilayotir.

Erta tongdan shahar aholisi “Taraqqiyot” mahallasining Ibn Sino ko‘chasiga yig‘ildi. Davlat va jamoat tashkilotlari, tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi va sport ishlari bo‘limlari xodimlari, sektorlar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlaridan aholining turli qatlamlari marafonda ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida Angren shahar hokimi Shukurulla Mahmudov barchaga omad tiladi. Shundan so‘ng marafonga start berilib, dastlab velopoygachilar musobaqasi boshlandi. “Istiqlol”-”Bunyodkor” kesishmasigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishda qatnashchilar yugurish, yurish bo‘yicha bellashdi..

Shahar hokimligi binosi oldidagi “Istiqlol” maydonida “Yangi nafas” dasturi doirasida “Save Aral” marafoni va yurish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘ndan ortiq sportchilar qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Tashkilotchilar tomonidan “Eng yoshi katta ishtirokchi” va “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga ham esdalik sovg‘alar ulashildi.