Yangi MTT foydalanishga topshirildi
Navoiy shahrining “Farovon” mahallasida “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan "ZARAFSHAN KIDS" xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti yuz o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalar dam olish xonalari, mashg‘ulotlar xonasi, sport zali, o‘yinchoqlar bilan jihozlangan shinam xonalardan iborat.

– Mahallamizda 1375 nafar yetti yoshgacha bo‘lgan bolajonlar bor, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Sur’at Sharipov. – Mahallamiz yaqinda tashkil etilgan bo‘lib, asosan, ko‘p qavatli uy-joylardan iborat. Shu kunga qadar hududda o‘nta xususiy bolalar bog‘chasi mavjud edi. Bu o‘n birinchisi bo‘ldi.

"ZARAFSHAN KIDS" xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishida keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bolajonlar uchun yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida 20 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA