Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025 yilgi mavsumiga rasmiy start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri A.Allanazarov, Nukus shahri hokimi A.Daniyarov, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i P.Maxsetbayev davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, sportchilar va ularning murabbiylarini rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tiborga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, har bir inson, har bir ota-onaning orzusi va niyati jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanadiganlarning sonini oshirishda davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qarorda mahallalarda ommaviy sport bilan shug‘ullanish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasini yaratish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘quvchilari g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari mehnatini munosib rag‘batlantirish ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Yangi mavzumga rasmiy start berish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy studiyasidan mahalla yoshlari, nogironligi bo‘lganlar, sport maktabi tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari, o‘tgan yilgi musobaqaning g‘oliblari ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning o‘tgan yilgi natijasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 50 ta medal (16 ta oltin, 15 ta kumush, 19 ta bronza) bilan yetakchilik qildi.
[gallery-21770]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan Nukus shahri va Qo‘ng‘irot tumani hokimlari “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan musobaqalar uchun mahalla yoshlar yetakchilariga sport anjomlari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA