Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida “Autodriver Study” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha “Buxoro viloyati imtihon markazi” barpo etildi.
Markaz bir kunda 450 nafar nazariy imtihon, 300 nafardan ortiq talabgorni amaliy imtihondan o‘tkazishga mo‘ljallangan. Bu yerda nazariy imtihonlarni o‘tkazish uchun texnik va texnologik vositalar bilan maxsus jihozlangan xonalar, avtomototransport vositalarining barcha toifalari bo‘yicha amaliy imtihonlarni o‘tkazish uchun avtomatlashtirilgan avtodrom tashkil etilgan.


Ushbu innovatsion majmuada imtihonning nazariy qismida bir vaqtning o‘zida 25 kishidan test olish mumkin. Avtopoligonda esa 10 ta kursant bir vaqtning o‘zida amaliy imtihon topshirishi mumkin.
Markazda maxsus jihozlangan avtomototransport vositalari hamda yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini o‘zaro bog‘lovchi markaziy dasturiy majmua faoliyat yuritadi va haydovchilikka nomzodlar tomonidan amalga oshirilgan har bir sinov mashqlari natijalarini inson omilisiz avtomatlashtirilgan nazorat tizimi orqali baholanadi. Ayniqsa, markazning dispetcherlik (nazorat) punkti haydovchilikka nomzodlarning harakatlarini ko‘rsatib turadigan kompyuter va monitorlar, avtomatlashtirilgan avtodrom tizimining elementi sifatida ishlaydigan axborotni doimiy qabul qilish, uzatish va qayta ishlash uskunalari, ovozli aloqa vositalari bilan jihozlanganligi muhimdir.


Markazning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, maskan haydovchilik guvohnomasini olishda tanish-bilishchilik va korrupsiyaga barham berishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Ushbu markazlarning faoliyati haydovchilik guvohnomasini olish sohasidagi korrupsiyaga to‘liq barham berish imkoni borligini amalda namoyon etdi. Bu, o‘z navbatida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning muhim shartidir. Chunki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnomani faqat yo‘l harakati qoidalarini, haydovchilik ko‘nikmalarini bilgan va buni amalda qo‘llay oladiganlargina olishlari mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.