Yangi Ma’naviyat va ma’rifat maskani
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida yangi Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirildi.
Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2021 yil 26 mart kuni qabul qilingan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.


Qarorga ko‘ra, hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskani tashkil etish belgilangan.


Tuman hokimligi mutasaddilari, sektor rahbarlari, nuroniylar, ijodkorlar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar bunday maskanlar aholi va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, avvalo yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Maskanda ijodkor va kitobxonlar uchun kutubxona va tadbirlar zali, to‘garaklar va tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi uchun xizmat xonalari mavjud bo‘lib, barcha sharoit yaratilgan.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri