Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jalaquduq tumanida ham ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Keyingi yillarda tumanda o‘nlab yangi-yangi korxonalar, maktab va bog‘chalar, keng, ravon yo‘llar barpo etildi. Umuman, tuman iqtisodiyotini, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan katta xajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida tumanda yana qator bunyodkorlik ishlariga tamal toshi qo‘yildi.
Eron davlatining "SKCM HAFACILIK ANONI" kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tuman hokimligida ana shu memorandum doirasida xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan qator loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ana shu yangi loyihalardan biri doirasida tumanning "Osuda hayot" massivi hududidagi 10 gektar maydonda Chernobil atom elektrostansiyasi avariyasi oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarning davolanib, dam olishiga mo‘ljallangan sihatgoh barpo etiladi.
Ma’lumki, 1986 yilda sodir bo‘lgan avariya oqibatlarini bartaraf etishda mamlakatimizdan 13 ming nafardan ziyod fuqaro ishtirok etgan. Ularning deyarli barchasi 1-, 2- va 3- guruh nogironiga aylangan. Barpo etiladigan respublika “Chernobilchilar” sihatgohida ana shu fuqarolar kompleks tarzda dam olib, davolanadi.
Ayni kunda tumanning Qilichmozor mahallasi hududida joylashgan "Qutayba Ibn Muslim" ziyoratgohida ulkan qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish, mehmon va ziyoratchilarga qulayliklar yaratish maqsadida ziyoratgoh yaqinida mehmonxona, park, restoran, savdo markazlari barpo etish bo‘yicha umumiy qiymati 6 million AQSH dollariga teng loyiha taqdimoti ham barchaga manzur bo‘ldi.
Yana bir taqdim etilgan loyiha doirasida tumanning Tuyalas mahallasi hududida umumiy qiymati 1 million AQSH dollariga teng, kuniga 300 tonna suvni qadoqlash imkoniga ega yangi korxona barpo etiladi.
Tumanning sel toshqini xavfi bo‘lgan hududlarida joylashgan 400 ta xonadon hamda shu hududlardagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini vaqtincha ko‘chirib turish uchun 400 ta yig‘ma uy-joy qurish loyihasi ham atroflicha muhokama qilinib, mutaxassis va mutasaddilar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, taqdimot davomida kam ta’minlangan, uysiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida umumiy qiymati 5,2 millon dollarga teng loyiha doirasida “Qutayba Ibn Muslim" jamg‘armasini tashkil etish, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatini yaxshilash uchun Beshtol qishloq vrachlik punktini qayta qurish, tumanning chegara hududida joylashgan Oyim, Beshtol mahallalarida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 22 ta transformator, 420 ta tayanch beton ustunlar o‘rnatish, 45 kilometr masofaga yangi elektr tarmog‘i tortish, 30 kilometr uzunlikdagi yo‘lni asfaltlash kabi qator loyihalar bilan tanishildi.
–Ushbu loyihalar amalga oshirilishi bilan tumandagi qator muammolar hal etiladi, – deydi tuman hokimi Hikmatullo Latipov. – Ayniqsa, ulkan hudduda barpo etiladigan “Chernobilchilar” sihatgohida avariya oqibatida nogiron bo‘lib qolgan minglab yurtdoshlarimiz kompleks davolanish imkoniga ega bo‘ladi.
Odamlarning turmush farovonligini yuksaltirishga, tumanning yanada yuksalishiga xizmat qiladigan yuqoridagi barcha loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.
[gallery-18915]
Taqdimot marosimida tuman hokimi Hikmatullo Latipov, Respublika Chernobilchilar jamoat xayriya fondi kengashi raisi Davronbek Normurotov, Eronning "SKCM HAFACILIK ANONI" kompaniyasi ish yurituvchi bosh direktori Abbos Rasoulzada Farsadi, Andijon viloyati loyihalash instituti bosh muhandisi Baxtiyor Mirzayev va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama etilib, amaliy ishlar rejasi belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari