Yangi loyiha: to‘y-marosimlarda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha jamoatchilik kelishuvlariga erishildi
Jamiyat uchun og‘riqli nuqta sifatida qaraladigan isrofgarchilik, dabdababozlik, “orzu-havas”ga ortiqcha berilish kabi illatlarga qarshi kurashish bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biridir.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka-marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani, manzilli chora-tadbirlar asosida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotgani o‘z natijasini bermoqda. Ammo, turli illatlarga berilib, millionlarni bir kunda sarflab yuborayotganlar ham borligi ayni haqiqat.
Mazkur jihatlarni hisobga olib, mamlakatimizda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni me’yorida o‘tkazishni xalqimizga yetkazish uchun ma’naviy-profilaktik tadbirlarni amalga oshirish lozim. Buni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan xalqimiz orasida ixcham, oddiy va me’yorga asoslangan to‘y-ma’rakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda o‘tkazish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqildi.
O‘zligimizni kemiruvchi illatlarga qarshi ayovsiz kurashish maqsadida tashkil etilgan “Maromiylik” loyihasi marosimlarni dabdabadan xoli o‘tkazishni targ‘ib etadi.
Manzilli chora-tadbirlar dasturi asosida mahallalarda o‘tkazilayotgan tushuntirish va targ‘ibot ishlarida bevosita “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari ishtirokida tashkil etilayotgan davra suhbatlari, seminar-treninglar, uchrashuvlar, oilalarning iqtisodiy barqarorligini saqlash hamda yosh kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga ma’nan tayyorlashda muhim mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yuqori faollik bilan o‘tkazilmoqda.
Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida tahlil etadigan bo‘lsak, “Iqshamliliq” va “Tejamkorlik” tamoyillari asosida o‘tkazilgan tushuntirish ishlari natijasida mahallalardagi to‘y-marosimlarda ortiqcha sarf-xarajatlarni 30-35 foizga kamaytirish bo‘yicha jamoatchilik kelishuvlariga erishildi.
Buxoro viloyatida mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari hamda aholi gavjum joylarda to‘y va oilaviy tadbirlarni maromiylik asosida o‘tkazish bo‘yicha bannerlar o‘rnatish, unda tadbirlarni kamxarj o‘tkazish yuzasidan belgilangan tartiblar, xarajatlar me’yori hamda tejaladigan mablag‘lar miqdorini aniq va tushunarli ko‘rinishda aks ettirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi
Unda jami 14 ta tumanning 38 ta mahallasi, 10 ta tashkilot va korxonada maromiylik tamoyillarini targ‘ib qilish, tejamkorlik hamda ortiqcha isrofgarchilikning oldini olishga urg‘u berildi.
Surxondaryo viloyatida esa targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish bilan birga “Janub javohiri” hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tomonidan to‘y marosimlarini ixchamlashtirish, dabdababozlik va isrofgarchilikni kamaytirish maqsadida aholi orasida raqamli targ‘ibot yo‘nalishida uzluksiz ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, isrofgarchilikning oldini olish, to‘y va marosimlarda ixchamlik, tejamkorlikni targ‘ib etish maqsadida “To‘ymisan, to‘y bo‘ldi!” shiori ostida namunali, ixcham to‘ylar qilish yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu nafaqat iqtisodiy tejamkorlik, balki jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish uchun ham muhim omil hisoblanadi.
Markaz tomonidan “Maromiylik” loyihasi asosida raqamli va an’anaviy targ‘ibot-tashviqot ishlari uzluksiz amalga oshirib boriladi.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi
bosh mutaxassisi.
O‘zA