Termiz shahrida “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyihani “Yuksalish” umummilliy harakati Latviya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magi bilan Latviya mahalliy va mintaqaviy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi hamkorligida amalga oshiradi.
Loyihada belgilangan ishlarni bajarish uchun mamlakatimizdagi ikkita pilot hudud – Buxoro va Surxondaryo viloyatlari tanlab olingan. Endilikda ekspertlar bu hududlarda iqlim xavflari darajasini baholab, mahalliy omillarni hisobga olgan holda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash ishlarini olib boradi. Shuningdek, loyiha doirasida qaror qabul qiluvchi tashkilotlar foydalanishi uchun iqlim o‘zgarishini kompleks boshqarish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
Loyihaning taqdimot marosimida “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari Gulmira Amirova, loyiha eksperti Bunyod Egambardiyev va boshqalar bizning davrimizga kelib sayyoramiz global iqlim o‘zgarishlariga duch kelayotgani barqaror rivojlanish yo‘lidagi jiddiy to‘siqlardan biriga aylangani, jumladan, iqlim o‘zgarishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar safiga kiritilgan O‘zbekistonda ham o‘rtacha yillik harorat oshayotgani haqida so‘z yuritdi. Surxondaryo viloyatining iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarini aniqlashga yo‘naltirilgan ma’ruzalar tinglandi.
Mutaxassislarning fikricha, keskin iqlim o‘zgarishlari suv resurslarining kamayishi, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining pasayishi kabi jiddiy xavflarni uyg‘otib, hududning barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi. Oqibatda bu holat aholining zaif qatlamlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Bu muammolarning oldini olish uchun mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yangi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalar qabul qilinib, hayotga tadbiq etilmoqda. Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, 2019−2030 yillar davrida O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2019- 2028 yillar davrida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ana shunday ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishlari Surxon vohasida, ayniqsa, kutilmagan issiq harorat va kuchli chang bo‘ronlarini keltirib chiqarmoqda. Qish va bahor faslining me’yoridan issiq kelishi suv taqchilligini yuzaga keltirib, viloyatda qishloq xo‘jaligi ekinlari rivojlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotir. Kutilmagan kuchli chang bo‘ronlari hududlarning ekologik barqarorligiga zarar yetkazmoqda.
Shu ma’noda bugun taqdimot qilingan qo‘shma loyiha mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirib, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida aholi xabardorligini oshirish va qarorlar qabul qilish jarayoniga jamoatchilikni jalb etish orqali O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qulay imkoniyat yaratadi. Moslashishga yo‘naltirilgan barqaror siyosatni rejalashtirishni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Taqdimot marosimida qo‘shma loyihani yanada samarali amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri