Yangi loyiha: ishsiz fuqarolar ishli bo‘ldi
Hududlarni rivojlantirish, tadbirkorlik qilish istagi bor aholiga o‘z bizneslarini boshlashlari uchun amaliy ko‘mak berish va bu orqali qo‘shimcha yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida Buxoro viloyati 4-sektor hududlarida bosqichma-bosqich yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Birgina misol, Kogon tumani “Sarayon” mahalla fuqarolar yig‘inida ishsiz aholi bandligini ta’minlash va ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish maqsadida 4-sektor hamda hokim yordamchisi sa’y-harakati bilan mahalla markazida imtiyozli kreditlar evaziga ixcham yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi.
Mazkur shoxobchalar ochilish marosimida mahallada bir qator ijobiy o‘zgarishlar, aholi bandligini ta’minlash maqsadida qilinayotgan ishlar, yangi tadbirkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, “Yoshlar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 6 nafar xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinasi topshirildi. Bir guruh mahalla faollari va namunali hudud tadbirkorlari sektor rahbarining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Konsert dasturi yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu loyiha orqali ko‘plab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA