Yangi loyiha ishga tushirildi
Yangi yil bayrami arafasida Jizzax shahrida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Jizzax shahri kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida qurilish ob’ekti foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi, viloyat hokimligi, viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha soha va yo‘nalishlarda o‘zining yorqin samaralarini berayotganini, Jizzaxda amalga oshirilgan ushbu loyiha hudud infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lganini ta’kidladi.

Mazkur loyiha foydalanishga topshirilishi natijasida inshootda bir kunda 30 ming metr kub oqova suvni tozalab berish quvvati yaratildi.
Shuningdek, 126,5 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari tortilib, rekonstruksiyadan chiqarildi, 7 ta oqova suv nasos stansiyasi qurilib, modernizatsiya qilindi.

Natijada Jizzax shahrida oqova suv xizmatlari qamrovi 70 foizga yetkazilib, viloyat markazi hamda Sharof Rashidov tumanining 146 ming nafarga yaqin aholisi kanalizatsiya xizmatlaridan to‘la foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hududning sanitariya-epidemiologik holati ham sezilarli darajada yaxshilandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri