Yangi korxonaga tamal toshi qo‘yildi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Turkiyaning “KOC CONSTRUCTION” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Toshkentdagi “PIRAMIT GLOBAL” xorijiy korxonasi ta’sischisi Yusuf Sarikochni qabul qildi.
Qabulda Konimex tumanida tashkil etilayotgan “NAVOI AGROFOS” korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.
Umumiy qiymati 50 million AQSH dollari bo‘lgan korxona donador fosforit qazib olish va qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, loyihani amalga oshirish uchun “Qaraq-ata” OFY hududidan 10 gektar yer maydoni ajratilgan.
[gallery-16746]
– Mazkur loyihaning 1-bosqichi uchun 15 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan bo‘lib, qurilish ishlari 2024-yilning iyul oyida yakunlanishi rejalashtirilgan, – deydi Yusuf Sarikoch. – Shuningdek, loyihamizning 2-bosqichi ham mavjud. 2-bosqichga 35 million dollar miqdorida mablag‘ sarflanadi va 2025-yilda ishga tushiriladi.
Keng jamoatchilik vakillari, MCHJ rahbariyati va mas’ullar ishtirokida korxonaning qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
Turkiyalik tadbirkor Yusuf Sarikoch, Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev so‘zga chiqib, ushbu korxona tuman iqtisodiyoti rivojida va yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi va qurilish ishlariga start berildi.
Mazkur loyihaning ishga tushishi natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari