Guliston tumanida sholini qayta ishlash hamda mevalarni muzlatib saqlashga ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu loyiha mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, unda asosan mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlandi.
Jumladan, “Mega Stroy Invest Hamkor” MCHJ tomonidan 162 ming AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi. Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida sholini qayta ishlash liniyasi ishga tushirildi. Mahsulotlarni tozalash, saralash va qadoqlash kabi jarayonlar mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Korxona eksport yo‘nalishida ham faoliyat boshlab yubordi.
Baraka ko‘chasida istiqomat qiluvchi mahalliy tadbirkor Azimjon Hasanov tomonidan 50 tonnalik muzlatkichli omborxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unda turli turdagi ho‘l mevalar sifatli holda saqlanib, bozorlarga yetkazib berilmoqda.
[gallery-23429]
Tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev rahbarligidagi ishchi guruh mazkur tadbirkorlik tashabbuslarini o‘rgandi. Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda faoliyatni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va davlat tomonidan zarur ko‘maklar ko‘rsatilishi haqida so‘z yuritildi.
Hokim har bir yaratilgan yangi ish o‘rni aholi farovonligi uchun muhim ekanini ta’kidlab, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
– Ochig‘ini aytsam, 50 tonnalik muzlatkichli omborxona tashkil etishga asosiy turtki – yetishtirgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarimni uzoq muddat saqlab, iste’molchi talab qilgan paytda yetkazib berish imkoniyati yo‘qligi bo‘ldi. Chunki sabzi va mevalar kabi mahsulotlar tez buziluvchan hisoblanadi, – deydi tadbirkor Azimjon Hasanov.– Bu loyiha orqali nafaqat o‘z mahsulotlarim, balki boshqa dehqon va fermerlarning ham mahsulotlarini saqlab, iste’molchilarga kerakli paytda yetkazib berish imkoniyati yuzaga keldi. Tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh xonadonimga tashrif buyurib, faoliyatimni yanada rivojlantirish, omborxona hajmini kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiya va maslahatlarini berishdi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev,
O‘zA muxbirlari