Konstitutsiya – oliy yuridik maqomga ega hujjat hisoblanib, unda har bir insonning huquq va majburiyatlari xalqaro umume’tirof etilgan huquqiy asoslar bilan aks etgan.
Shu boisdan ham shu kunga qadar yurtimizda qabul qilingan qonun, qaror, farmon, kodeks va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar borki, ularning barchasi Bosh qomusimizga asoslangan holda ishlab chiqiladi va uni to‘ldirib boradi.
Bu borada inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Barchamizga ma’lumki, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha fuqarolarning takliflari o‘rganilayotganligi ham mamlakatimizda inson manfaatlari har narsadan ustun ekanligining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyaning takomillashuvida keng jamoatchilik fikri hamda aholi takliflarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu qizg‘in jarayonda men ham o‘z fuqarolik pozitsiyamdan kelib chiqib, taklifimni bermoqchiman.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega” deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu modda davomi sifatida “Fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini bepul olish huquqga ega” degan qo‘shimcha kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ma’lumki Prezidentimizning tegishli qarori asosida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Unda davlat sog‘liqni saqlash xizmatlarining kafolatlangan hajmi doirasida bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlashi belgilangan. Kafolatlangan xizmatlar doirasiga shoshilinch, shoshilinch tibbiy yordam, bir qator yuqumli kasalliklar bo‘yicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar va xavfli kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish kiradi.
Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida va qator davlat davolash-profilaktika muassasalarida, avvalo, qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish, qator yuqumli kasalliklarga qarshi aholini immunlashtirish va vaksinatsiyalash, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrinologik kasalliklarga chalingan bemorlar va kasb kasalliklariga chalingan shaxslar) nazarda tutiladi.
Tibbiy-sanitariya xizmatlarining kafolatlangan hajmi, shuningdek, chaqiruv komissiyalari yo‘nalishi bo‘yicha bolalarni (pullik shifoxonalardan tashqari), 15-17 yoshli o‘smirlarni va chaqiruv komissiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha chaqiruv yoshidagi (18-27 yoshli) shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, akusherlik xizmatlarini ko‘rsatish (pullik muassasalar bundan mustasno), bemorlarning imtiyozli toifalari – nogironlar, urush qatnashchilari va faxriylari, yetim bolalarni davlat davolash-profilaktika muassasalarida davolashni o‘z ichiga oladi.
Shunday ekan bugungi kunda mamlakatimiz keng jamoatchiligi Yangi Konstitutsiya loyihasini chuqur o‘rganmoqda. Fuqarolar Asosiy qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirmoqda. Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 40-moddasiga sog‘liqni saqlashga oid quyidagi normalar kiritilmoqda:
– O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.
– Davlat sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
– Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
– Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
E’tiborlisi, Yangi Konstitutsiyaga har bir inson sog‘lom va qulay atrof-muhit, uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega, ekologik huquqbuzarlik tufayli uning sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qo‘shimcha modda ya’ni -401-modda kiritilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy norma sifatida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi moddaning kiritilishi e’tiborga molikdir. Bu esa o‘z navbatida tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolarining salomatligi davlat himoyasida ekanligiga chinakam ishonch bag‘ishlaydi.
Mahbubaxon TOSHMATOVA,
Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi
boshlig‘i o‘rinbosari
O‘zA