Yangi kitoblar taqdimotlari o‘tkazildi
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida taniqli o‘zbek adiblari, dunyoning atoqli yozuvchilari asarlarini nashr etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
2022 yilning yanvar-fevral oylari davomida noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subektlari tomonidan yana bir qator kitoblarning taqdimotlari o‘tkazildi.
Xususan, “Yangi asr avlodi” nashriyoti joriy yilning dastlabki ikki oyida 11 nomdagi kitob taqdimotini o‘tkazdi. Ular orasida jahon durdonalari — S.Sveygning “Qalb besabrligi”, A.Shanliko‘g‘lining “Vijdon azobi”, R.N.Guntekinning “Muhabbat simfoniyasi” kabi asarlar bor.
“Akademnashr” nashriyoti ham 11 nomdagi kitoblarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etdi. Asosan yurtimiz adiblari asarlari - Evril Turonning “Oynur”, Aziz Saidning “Vaqt manzili”, Abdusaid Ko‘chimovning “Saylanma” 4 jildlik, Shukurulloning “Shafaq (Rassvet)”, O‘tkir Rahmatning “Shaffof lahza”, Zulfiya Mo‘minovaning “Yuragiga Surxondaryo sig‘gan ayol”, Enaxon Siddiqovaning “Ona haqida qo‘shiq” kabi asarlari taqdimoti kitobxonlar e’tiboridan chetda qolmadi.
Shuningdek, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi ham Shoyim Bo‘tayevning “Yettinchi tong” romani, hamda Berdaqning “Navoiy asarlari lug‘ati” 2-jildi taqdimotini o‘tkazdi.
Diniy mazmundagi 15 nomdagi adabiyotlar taqdimoti “Hilol-nashr” nashriyot-matbaa uyi tomonidan o‘tkazildi. “Muhaddislar va hanafiy fuqarolar nazdida hadis ilmlari”,“Qur’oni Karim qiroatlari to‘g‘risida”, “Namoz dinning ustuni”, “Fahmul maqru” kabi asarlar shular jumlasidan.
Kitob nashr etish ishlari va asarlar taqdimotlari davom etmoqda.
O‘zA