Poytaxtimizdagi Yozuvchilar uyushmasi binosida uyushma a’zosi, ko‘plab tarixiy va badiiy asarlar muallifi Galina Dolgayaning yozuvchi va tarjimon Risolat Haydarova tarjima qilgan “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, asar yozilishida maslakdosh va hamfikr bo‘lgan tarix fanlari doktori, professor, arxeolog Rustam Sulaymonov, adabiyotshunoslar Adhambek Alimbekov, Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar yangi asar va yangi tarjima haqida iliq fikrlar bildirdi. Yozuvchining tarixiy mavzuni qalamga olgani, mavzuni puxta o‘rgangani alohida e’tirof etildi. Tarjimonning badiiy tarjimonlik mahorati ham alohida takidlab o‘tildi.

– “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” romanida uzoq tarix haqidagi haqiqatlar, zaminimizdagi o‘tmish haqida gap borgani uchun ham mening e’tiborimni tortdi va tarjima qilishga kirishdim, – deydi yozuvchi va tarjimon Risolat Haydarova. – Asar o‘ta nozik did va teran nigoh bilan yozilgan. Undagi qahramonlar ismi juda go‘zal va ma’nodor.

Shunchaki o‘qigan odamni ham diqqatini tortadi. O‘zimizning diyorimizda yashab, O‘zbekiston va uning tarixi haqida yozgan har bir ijodkor asarining o‘zbek tiliga o‘girilishi bizning Vatan oldidagi burchimiz, deb bilaman. Yozuvchi Galina Dolgayaning “Yerqo‘rg‘on osmonidagi lochin” hikoyasini tarjima qilganimda, adibaga bo‘lgan qiziqishim paydo bo‘lgan. Chunki uning asarida yurtimizga bo‘lgan o‘zgacha mehrni ko‘rganman. Yozuvchi haqiqatdan shu diyorni yaxshi ko‘radi va buni asarlarida ham yashirmagan. “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” aynan ana shu asarning davomi. Ushbu tarixiy asardan o‘zbek kitobxonlari ham bahramand bo‘lishini xohladim.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Galina Dolgaya mamlakatimizning qadim tarixi mavzusida qalam tebratib keladi. Uning “Kuzning xayoliy jozibasi”, “Qora qumlar shiviri”, “Buyuk Temur haqida triptix”, “Meni kashf et!” kabi nasriy kitoblari shular jumlasidandir.
G.Dolgaya “O‘rta dengiz ilohlari” romani uchun Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Opyen Cyentral Asia Book Forum and Lityeraturye Fyestival” xalqaro adabiy tanlov g‘olibi bo‘lgan.

Uning navbatdagi romani – “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” milodning III asri voqeligidan hikoya qiladi. Asar voqealari asosan Markaziy Osiyoning muhim tarixiy hududlaridan birida, aynan Naxshabda – Qashqadaryo vodiysida joylashgan, Buyuk Ipak yo‘li markazlaridan biri bo‘lgan Janubiy Sug‘dda ro‘y beradi.
Sug‘diyona yoki boshqacha aytganda Sug‘d yo Sug‘ud Markaziy Osiyo tarixini, shu hududdagi qadimgi mamlakatlarning sharqiy va g‘arbiy qo‘shnilari bilan aloqalarini anglashda alohida o‘rin tutadi. Bu mamlakat Qashqadaryo va Zarafshon daryolari vodiylarida joylashgan, “Avesto” kabi qadimiy kitoblarda, yunon tarixchilari va xitoylik savdogarlar ta’riflarida, podsho Dariy I Behistun qoyasida yozdirgan bitiklarda tilga olingan.
Galina Dolgayaning “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” romani bir necha yil avval rus tilida “Pesni beguey vodы” nomi bilan e’lon qilingan bo‘lib, tarixiy asar muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Shundan so‘ng asar taniqli yozuvchi va tarjimon Risolat Haydarova tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, “Adabiyot” nashriyotida “Adib va jamiyat” rukni ostida nashr etildi.

Romanda qadim shahar jonlanadi, u uchinchi asrda Qarshi vohasining poytaxti bo‘lib, o‘sha paytda Nikshapayya deb atalgan. Roman qahramonlarining sarguzashtlari olis Issiqko‘ldan to unumdor vodiylar mamlakati – ikki daryo oralig‘igacha bo‘lgan yerlarda kechadi. Yo‘l oddiy insonning hayotini o‘zgartirib yuboradi, uni tiriklikning mohiyati, ilohlar va odamlar haqida o‘ylashga majbur qiladi, bularning bari sirli ilohiy hadya – mo‘’jizakor shifo qudratiga ega bo‘lgan tumordan boshlanadi.
Romanni mutolaa qilayotgan o‘quvchining ko‘z o‘ngida tarixiy shaharlar, karvon yo‘llari, qadim daryolar va ularning hayotbaxsh suvidan quvvat olib yashnayotgan dalalar, qo‘nalg‘alar, qishloqlar namoyon bo‘ladi. Asar kitobxonning qadim tariximizning ajralmas bo‘lagi hisoblangan Naxshabdek boy, sirli va jumboqli o‘lka haqidagi tasavvuri kengayishiga imkon beradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tarjima kengashining 2021 yil yakunlarida “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” romanining tarjima qilinishi yuqori baholangan.
Tadbir so‘ngida yig‘ilganlarga yangi chop etilgan kitob taqdim etildi.
D.Mamatova, O‘zA