Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Karamatdin Sultonovning qayta nashr etilgan “Ajiniyaz” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchi-shoirlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, kitobxonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar kitobning yuqori saviyada chop etilganini, qoraqalpoq, o‘zbek va jahon mumtoz adabiyotiga qiziqishini oshirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, kitobxonlarga asarning audio varianti ham tuhfa etildi.
[gallery-21344]
Adibning ushbu tarixiy romani Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayotidan olingan. Asarning mazmuni shoirning yoshlik davridagi xalq hayotining ijtimoiy ziddiyatiga qurilgan. U mehnatkash xalqning nohaq azoblashidan norozi bo‘lib, ularga qarshi kurash olib boradi. Roman yuzasidan o‘z vaqtida taniqli olimlar M.Nurmuhammedov, K.Xudaybegenov, J.Narimbetov, A.Qo‘jiqboyev, Z.Nasurillayeva va boshqalar o‘zlarining ijobiy fikrini bildirgan.
Qoraqalpoq adibining ushbu asari yoshlar tashabbusi va davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan 1000 nusxada chop etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA