Prezident tashrifidan so‘ng...
Mamlakatimizda har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirilmoqda.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasi xizmat ko‘rsatish va savdoga ixtisoslashgan. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbari 10 iyul kuni shu mahallaga tashrif buyurgan edi. Bu yerda 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Prezident tashrifidan so‘ng hudud ahli bilan suhbatlashdik.
[gallery-24285]
— Mahallada bolaligimiz o‘tdi, farzandlarni ulg‘aytirdik, — deydi Qudratilla ota Rahimboyev. — Mana endi nabiralarni suyib, tarbiya qilyapmiz. Nima demoqchiman, bu joylarni juda ko‘p yillardan buyon yaxshi bilaman. Bu yerlarning qiyofasi hech qachon bunday go‘zal bo‘lmagan. Aholiga yaratilgan sharoitlar ham bugungiday emasdi. Mamlakatimizda aholi bandligi va turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor bizning mahallada ham namoyon bo‘lmoqda. Uylarimiz, savdo va xizmat ko‘rsatish joylarimiz, mahallamiz binosi zamonaviy qiyofada. Mana ichki yo‘llar tekislandi. Atrofi ko‘kalamzorlashtirilib, yanada fayzli bo‘ldi. So‘lim sayilgoh va piyodalar yo‘lagi, nuroniylar oromgohimiz, sport va bolalar maydonchalari ko‘zni quvnatadi. Biz shu yerda yashovchilarning kayfiyati ham shu manzaraga hamohang.
Yangi Kamolon mahallasida oltmishdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ularda ko‘plab yoshlar ish bilan band.
— Ko‘rib turganingizdek bu yerda hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, kichik kutubxona tashkil etilgan, — deydi mahalla yoshlaridan biri Ibrohim Ismoiljonov. — Novvoyxonalar bor, xususiy tibbiyot punkti ish boshladi. E’tiborlisi, mahallamizga tutash hududdan poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan biri o‘tgan. Ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu yer ham xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi.
Men va bir qancha tengdoshlarim ham shu tadbirkorlik sub’ektalaridan birida ishlayapmiz.
Mahallada “Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu kompaniya hududdagi yigirmadan ortiq ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Davlatimiz rahbari hududga tashrifi chog‘ida kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Mahallada bunday obodlik, fayz-baraka bardavom bo‘lishi uchun, eng avvalo, osoyishtalik ta’minlanishi kerak. Hududda bu borada olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik.
Xavfsizlikni ta’minlash hamda jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etildi.
Ushbu markaz ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlariga bog‘langan. Bu kabi chora-tadbirlar natijasini yilning o‘tgan davrida mahallada bironta ham jinoyat etilmaganidan ham bilish mumkin.
Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA muxbirlari